15-noyabrdan O‘zbekistonda aholi uchun suyultirilgan gaz narxi 2,5 baravarga oshadi

03.11.2026 13:48
O'zbekchaРусский
15-noyabrdan aholi uchun suyultirilgan gazning chakana narxi bir kilogrammi uchun 5 000 so‘m bo‘ladi. Bu amaldagi 2 000 so‘mlik narxdan 2,5 baravar yoki 3 000 so‘mga qimmat. Ehtiyojmand oilalarga suyultirilgan gaz xaridi uchun oyiga 60 ming so‘mgacha kompensatsiya beriladi.
15-noyabrdan O‘zbekistonda aholi uchun suyultirilgan gaz narxi 2,5 baravarga oshadi

Foto: Hududgazta’minot

Vazirlar Mahkamasi suyultirilgan gazning yangi narxlari va ehtiyojmand oilalarga kompensatsiya to‘lash tartibini tasdiqladi.

Hujjatga ko‘ra, 2026-yil 15-noyabrdan aholiga sotiladigan suyultirilgan gazning chakana narxi bir kilogrammi uchun 5 000 so‘m bo‘ladi.

Shu tariqa, bir kilogramm suyultirilgan gaz narxi amaldagi 2 000 so‘mlik narxga nisbatan 3 000 so‘mga qimmatlamoqda.

Qaror bilan gazni aholiga yetkazib berish uchun har bir kilogrammga 1 300 so‘m miqdorida haq to‘lanishi belgilandi.

Ushbu xarajatlar davlat budjeti hisobidan qoplanadi. Iste’molchilar buning uchun alohida haq to‘lamaydi.

Ehtiyojmand oilalarga kompensatsiya

Narx oshishi munosabati bilan ehtiyojmand oilalarga suyultirilgan gaz xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi.

Bunda Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar va belgilangan daromad mezonlariga mos keladigan boshqa xonadonlar kompensatsiya olsa bo‘ladi.

Kompensatsiya xarid qilingan suyultirilgan gazning har bir kilogrammi uchun 3 000 so‘m miqdorida to‘lanadi.

Bunda bir oyda ko‘pi bilan 20 kilogramm gaz xaridi uchun kompensatsiya olish mumkin. To‘lov gaz xaridi tasdiqlanganidan keyin oilalarning ijtimoiy kartalariga o‘tkazib beriladi.

Kompensatsiya olish uchun fuqarolar Inson ijtimoiy xizmatlar markazlariga, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga yoki Yagona milliy ijtimoiy himoya axborot tizimi orqali murojaat qilishlari mumkin.

#propan

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan