Markaziy bank bankomatda pul berilmagan holatlarni xolis tekshirishni talab qildi

06.11.2026 21:16
O'zbekchaРусский
Markaziy bank tijorat banklari va to‘lov tashkilotlariga bankomat pul bermagan, ammo mijozning kartasidan mablag‘ yechilgan holatlar yuzasidan xat yubordi. Unda bunday holatlarda tekshiruv o‘tkazish va pul berilmagani aniqlansa, mijozga mablag‘ni qaytarish kerakligi ta’kidlangan.
Markaziy bank bankomatda pul berilmagan holatlarni xolis tekshirishni talab qildi

Foto: Lenta.ru

Markaziy bank 30-oktyabr kuni tijorat banklari va to‘lov tashkilotlariga bankomatlardagi ayrim amaliyotlar yuzasidan xat yubordi. 

Xatda ayrim hollarda mijozning kartasidan pul yechib olinishi, biroq bankomat naqd pul bermasligi bilan bog‘liq murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibiga e’tibor qaratilgan. 

Markaziy bankning ta’kidlashicha, bankomat tizimida operatsiyaning “muvaffaqiyatli” deb qayd etilishi mijoz pulni haqiqatda olganini tasdiqlamaydi. 

Shu sababli bunday murojaatlarni tekshirishda elektron jurnallar, texnik ma’lumotlar, bankomatdagi naqd pul qoldig‘i va videoyozuvlar ham inobatga olinishi kerak. 

Regulyatorning bildirishicha, tekshiruv natijasida mijozga naqd pul berilmagani aniqlansa, to‘lov xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilot uning mablag‘ini qaytarishi lozim. 

Tashkilot o‘zi yo‘l qo‘ygan kamchiliklar oqibatini mijoz zimmasiga yuklashga haqli emas. 

Shuningdek, banklar va to‘lov tashkilotlari bankomatlarning texnik holatini nazorat qilishi, operatsiyalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni qayd etib borishi va saqlashi shart. 

Ushbu talablar buzilgan taqdirda, Markaziy bank qoidabuzar tashkilotlarga nisbatan qonunchilikda belgilangan choralar ko‘rilishidan ogohlantirgan.

#bankomat#markaziy_bank

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan