Youtube monetizatsiya blogerlarning daromadini 50 mln dollarga oshirishi mumkin

30.05.2025 14:43
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda Youtube monetizatsiyasi amalga oshirilsa, mahalliy blogerlarning yillik daromadi 30-50 mln dollarga yetishi mumkin. Monetizatsiya imkoniyatlari va unga to‘siq bo‘layotgan muammolar haqida batafsil:
Youtube monetizatsiya blogerlarning daromadini 50 mln dollarga oshirishi mumkin

Foto: edition.cnn.com

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi O‘zbekistonda YouTube monetizatsiyasini joriy etish masalasini tahlil qildi

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, bu xizmatning yo‘lga qo‘yilishi nafaqat blogerlar uchun daromad manbai, balki butun iqtisodiyot uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.

Monetizatsiya nima beradi?

Hozirda YouTube monetizatsiyasi dunyoning 108 davlatida ishlaydi. Markaziy Osiyoda bu imkoniyat faqat Qozog‘istonda mavjud. O‘zbekistonda esa bu tizim hali ishga tushirilmagan.

Kreativ sanoat global yalpi ichki mahsulotning (YAIM) 3,1 foizini tashkil etib, butun dunyo ishchi kuchining 6,2 foizini band qiladi. 

O‘zbekistonda bu yo‘nalishda 9600 dan ortiq kompaniya faoliyat yuritmoqda. Ularning jami xodimlari soni 84 mingga yetadi. 

Rejalarga ko‘ra, 2030-yilga kelib ushbu sektorning YaIMdagi ulushi 5 foizga yetkaziladi.

O‘zbekistonda 13 mln faol YouTube foydalanuvchisi bor. Agar monetizatsiya yo‘lga qo‘yilsa, YouTube orqali ko‘rilgan reklama uchun to‘lanadigan mablag‘lar hisobiga mamlakat YAIMi 0,05–0,1% ga oshishi mumkin. Qozog‘istonda bu ko‘rsatkich allaqachon 0,1% ni tashkil etmoqda.

Hozir O‘zbekistonda 26 mingdan ortiq video-bloger bor. Shundan 1 mingtasi yirik (100 mingdan ortiq obunachiga ega), 5000 tasi o‘rta (10–100 ming), 20 mingga yaqini kichik (1–10 ming) hisoblanadi. 

O‘zbekiston aholisining video ko‘rish faolligi yuqori hisoblanadi. Bunda yiliga taxminan 36 mlrd marta video ko‘riladi. 

Shu asosda blogerlar umumiy hisobda yiliga 28,8 dan 50,4 mln dollargacha daromad olishlari mumkin.

Monetizatsiyaga to‘siq bo‘layotgan muammolar

1. Shaxsiy ma’lumotlarni saqlash talablari

O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari mamlakat hududidagi serverlarda saqlanishi shart. 

Bu talab xalqaro IT-kompaniyalar — Google, Meta va boshqalar uchun muammo tug‘dirmoqda. 

Shu sababli ular O‘zbekistonda xizmatlarini to‘liq yo‘lga qo‘ya olmayapti. Biroq Qozog‘iston va Rossiya bu muammoni serverlar joylashtirmasdan, maxsus kelishuvlar orqali hal qilgan.

YouTube’ning texnik talablari Tier III darajadagi serverlarni talab qiladi. O‘zbekistonda bunday infratuzilma faqat 2021-yildan boshlab shakllanmoqda. 

Masalan O‘zbektelekom ilk Tier III darajadagi ma’lumotlar markazini qurgan.

2. Mualliflik huquqlari bilan bog‘liq muammolar

YouTube’da noqonuniy kontentlar ko‘p hisoblanadi. Bunda xorijiy filmlar, musiqalar va sport translyatsiyalari ruxsatsiz yuklanmoqda. 

Bu holat qonuniy kontent yaratish bo‘yicha rag‘batni pasaytiradi. Shuningdek, rasmiy litsenziyalangan kontent bozori deyarli mavjud emas.

3. Reklama bozori bo‘yicha ochiq ma’lumotlar yetishmasligi

O‘zbekistonda reklama bozori hajmi 2,1 trln so‘mni tashkil etadi. 

Shundan 29 foizi raqamli reklama, 51 foizi televidenie va 20 foizi tashqi reklama hissasiga to‘g‘ri keladi. 

Ammo bu bozor haqida muntazam va ochiq ma’lumotlar yo‘qligi sababli YouTube kabi platformalar mamlakatni reklama siyosatiga qo‘shmayapti. Raqamli monitoring tizimini joriy etish tavsiya etilmoqda.

4. Sun’iy intellekt uchun til infratuzilmasi zaifligi

YouTube avtomatik moderatsiya tizimlari sun’iy intellekt asosida ishlaydi. Biroq o‘zbek tili, ayniqsa lahja va shevalar, bu tizim uchun hali to‘liq o‘rganilmagan. 

Shuning uchun kontentni to‘g‘ri tanib olish, subtitrlar qo‘yish yoki noto‘g‘ri so‘zlarni bloklashda qiyinchiliklar mavjud.

Muammoni hal qilish uchun:

  • katta hajmda o‘zbekcha audio ma’lumotlar bazasini yaratish;
  • tilshunoslik bo‘yicha tadqiqotlarni kuchaytirish;
  • kontent yaratuvchilarni qo‘llab-quvvatlash (grantlar, subsidiyalar) taklif etilmoqda.

5. Xalqaro to‘lov tizimlari ishlamasligi

YouTube monetizatsiyasi orqali daromad olish uchun PayPal, Stripe, Google Pay kabi xizmatlar kerak bo‘ladi. 

Ayni paytda ularning aksariyati O‘zbekistonda to‘liq ishlamaydi. PayPal orqali faqat xarid qilish mumkin, lekin daromad olish imkoni yo‘q. Bu esa blogerlar uchun to‘siq bo‘lmoqda.

#modernizatsiya#youtube#PayPal

Eng ko'p o'qilgan