Toshkentda 203 kishi nomiga avtokredit olgan firibgarlar qamaldi

03.02.2025 12:27
Ma'lum bo'lishicha, firibgarlar fuqarolarga 100-500 dollar pul evaziga ular nomiga avtokredit rasmiylashtirgan. Jabrlanuvchilar esa kredit kompaniya tomonidan to‘lab borilishiga, 2 oy ichida kredit to‘liq yopilishiga ishontirilgan. Shu tariqa 203 kishi aldangan. Yetkazilgan umumiy zarar miqdori esa 62 mlrd so‘mni tashkil qilgan.
Toshkentda 203 kishi nomiga avtokredit olgan firibgarlar qamaldi

Foto: Uza.uz

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Shayxontohur tuman sudi 203 nafar fuqaroga firibgarlik yo‘li bilan avtokredit olgan olti nafar fuqaroga nisbatan hukm chiqardi. Bu haqda Kun.uz nashri xabar berdi.

Jinoyat qanday sodir bo'lgan?

Jinoyat, Xitoydan turli rusumdagi elektromobillarni olib kelish, sotish va quvvatlash bilan shug‘ullanuvchi 6 kishi – Zohid Tog‘ayev, “Green-Waatt” va “Quwwatt Motors” MChJlar ta’sischisi Nozimjon Aslonov, “Green-Waatt” MChJ rahbari Obidxon To‘rayev, “Ev Sky” MChJ rahbari Dilshod Eshonqulov, bir nechta MChJlar ta’sischisi Vahobjon Muharamxo‘jayev shuningdek, Sherbek Ozodbekov tomonidan amalga oshirilgan. 

Uyushgan guruhga esa Zohid Tog‘ayev rahbarlik qilgan.

Ma'lum bo'lishicha, firibgarlar hech qayerda ishlamaydigan, tayinli daromadi yo‘q fuqarolarni birgalikda daromad olishga qiziqtirgan. Ya’ni fuqarolarga 100-500 AQSh dollaridan pul berib, ularning nomiga bankdan avtomobil uchun katta miqdorda, 200-300 mln so‘mlik kredit chiqargan. 

Jabrlanuvchilar esa kredit kompaniya tomonidan to‘lab borilishiga, 2 oy ichida Xitoydan avtomashina olib kelinib, qayta sotilishi va tushgan mablag‘ hisobiga kredit to‘liq yopilishiga ishontirilgan.

Shu tariqa 203 kishi aldangan. Yetkazilgan umumiy zarar miqdori 62 mlrd so‘mni tashkil qilgan.

Sud hukmi bilan firibgarlar quyidagi muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan:

  • Zahid Tog'ayevga — 9 yil;
  • Dilshod Eshonqulovga — 9 yil;
  • Obidxon To‘rayev — 8,5 yil;
  • Vahobjon Muharamxo‘jayevga — 8,5 yil; 
  • Nozimjon Aslonovga — 8 yil 1 oy 
  • Sherbek Ozodbekovga — 2 yil muddatga davlat idoralarida mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum etgan holda 4 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. 

Bundan tashqari, yetkazilgan zararni undirish uchun Tog‘ayev, Eshonqulov, To‘rayev, Aslonov hamda Muharamxo‘jayevdan ushbu banklarga quyidagi mablag'larni qaytarish ham belgilangan:

  • Asia Alliance bank foydasiga — 14 mlrd 448 mln so‘m;
  • Ziraat Bank Uzbekistan foydasiga — 957 mln so‘m;
  • Turonbank foydasiga — 22 mlrd 216 mln so‘m;
  • O‘zmilliybank foydasiga — 10 mlrd 413 mln so‘m (barcha sudlanuvchilardan ushbu bank foydasiga yana 1 mlrd 429 mln so‘m);
  • Ipak yo‘li banki foydasiga — 7 mlrd 279 mln so‘m;
  • Aloqabank foydasiga — 2 mlrd 366 mln so‘m;
  • Hamkorbank foydasiga — 540 mln so‘m.

Shuningdek, bir nechta jabrlanuvchiga turli miqdordagi pul mablag‘lari undirilishi belgilangan.

#zohid tog'ayev#62 mlrd#firibgar

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilganlar