Biznesni rivojlantirish bankining boshlang‘ich qiymati 6,2 mlrd so‘m bo‘lgan tenderi bekor qilindi. Bu masala 19-yanvar kuni xarid komissiyasi yig‘ilishida muhokama etildi.
Ma’lum bo‘lishicha, bankning ushbu tenderi davlat xaridlari hamda raqobat to‘g‘risidagi qonun talablariga zid tarzda o‘tkazilgan.
Shu bois Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bankka taqdimnoma yuborgan.
Tekshiruv natijasi
2025-yil dekabr oyi oxirida Biznesni rivojlantirish banki o‘z ofislari joylashgan barcha shaharlardagi 225 ta tashqi reklama konstruksiyalarida reklama joylashtirish bo‘yicha tender e’lon qilgan.
Mazkur tenderda to‘rtta kompaniya ishtirok etgan. Yakuniy natijada "Ledokol Pro" MChJ 4 mlrd 332 mln so‘mlik taklif bilan tanlov g‘olibi, "DT Media CO" MChJ esa 5 mlrd 559 mln so‘mlik taklif bilan zaxiradagi g‘olib deb topilgan.
Tekshiruv davomida tanlov g‘olibi hamda zaxira g‘olibi o‘zaro affillangan ekanligi aniqlangan. O‘rganishlar natijasida Muzaffarov Sherzod tanlov g‘olibining ta’sischilaridan biri Dilshod Muzaffarovning yaqin qarindoshi ekanligi ma’lum bo‘lgan.
Muzaffarov Sherzod "Index Agency" MChJning 25 foiziga egalik qiladi. Qolgan qismiga esa Timur Abdulin egalik qiladi.
Timur Abdulin o‘z navbatida tenderdagi zaxira g‘olibi "DT Media CO" MChJning egasi sifatida ko‘rsatilgan. Tender aynan yuqoridagi g‘olib hamda zaxira g‘oliblarning o‘zaro aloqadorligi sababli bekor qilingan.
