Maktabgacha ta’lim sohasida tadbirkorlar uchun yangi qo‘llab-quvvatlash choralari joriy etilmoqda. Bu haqda Prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Imtiyozlar maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasi 80 foizdan past bo‘lgan tuman va shaharlarga beriladi.
Maktab yoki bog‘cha hududidagi bo‘sh yerda davlat-xususiy sheriklik asosida bog‘cha ochilsa, 30 yilgacha ijara to‘lovi olinmaydi.
Qamrov darajasi past hududlarda, maktab va bog‘chalardan tashqarida joylashgan, kamida 150 o‘rinli nodavlat bog‘chalar tashkil etilsa, tadbirkorlarga 7 yilgacha muddatga 5 mlrd so‘mgacha imtiyozli kredit beriladi.
Bundan tashqari, tarbiyachilarning oylik ish haqi uch yil davomida davlat bog‘chalaridagi me’yorlar asosida qoplanadi.
Ushbu imtiyozlar yangi ko‘p qavatli uylarning birinchi qavatida ochiladigan xususiy bog‘chalarga ham tatbiq etiladi.
Shuningdek, 2030-yil 1-yanvargacha kamida 150 o‘rinli nodavlat bog‘cha ochgan tadbirkorlar uchun ijtimoiy soliq bo‘yicha yengilliklar taqdim etiladi.
Nodavlat bog‘chalardagi har bir bola uchun davlat tomonidan davlat bog‘chasida bir bolaga sarflanadigan xarajatning 50 foizi miqdorida subsidiya ajratiladi.
