O‘zbekistonda taksi bozorining 2025-yil yakunlari bo‘yicha tahlili

06.02.2026 07:53
2025-yil yakunlariga ko‘ra, soliq tizimiga 224 ta taksi xizmatini ko‘rsatuvchi agregator ulangan. Tizimga ulangan agregatorlar yil davomida jami 479 mln marta yo‘lovchi tashidi. Ularning aylanmasi esa 9,6 trln so‘mni tashkil etdi.
O‘zbekistonda taksi bozorining 2025-yil yakunlari bo‘yicha tahlili

Foto: trashbox.ru

2025-yil yakunlariga ko‘ra, soliq tizimiga 224 ta taksi xizmatini ko‘rsatuvchi agregator ulangan. Bu haqda Soliq qo'mitasi ma'lumot berdi.

Tizimga ulangan agregatorlar yil davomida jami 479 mln marta yo‘lovchi tashidi. Ularning aylanmasi esa 9,6 trln so‘mni tashkil etdi.

Manba: Soliq qo'mitasi

Shundan 6,7 trln so‘m yoki 70,2 foizi naqd to‘lovga, 2,8 trln so‘m yoki 29,8 foizi esa naqdsiz to‘lovga to‘g‘ri keldi. O‘rtacha bitta chek 20 ming so‘mni tashkil etdi. 

2024-yil yakunida ularning aylanmasi 6 trln so‘m edi. Shuningdek, naqdsiz to‘lovlar ulushi 23,7 foizni tashkil etgandi. O‘rtacha bitta chek narxi esa 18,5 ming so‘m edi. 

Agregatorlar 2025-yilda 128,2 mlrd so‘m soliq to‘ladi. Shundan 63,6 mlrd so‘mi QQSga to‘g‘ri keladi. 2024-yilda ular 156,8 mlrd so‘m soliq to‘lagan edi.

Haydovchilar

2026-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, agregatorlar orqali yo‘lovchi tashish bilan 574,6 ming nafar haydovchi o‘zini o‘zi band qilgan. 

Haydovchilarning yarmidan ko‘pi, aniqrog‘i 59 foizi 30-50 yosh oralig‘ida bo‘lib, ularning soni 339 ming 681 nafarni tashkil etadi. 

Shuningdek, 30 yoshgacha bo‘lganlar 189 ming 547 nafarni, 50 yoshdan kattalar esa 45 ming 398 nafarni tashkil etadi. Bundan tashqari, 4 ming 726 nafar ayol haydovchi ham ishlamoqda. 

O‘tgan yil davomida taksi xizmatini ko‘rsatgan 15,5 mingga yaqin haydovchi 100 mln so‘mdan ko‘proq daromad olgan.

  • 50-100 mln so‘m – 36,9 ming haydovchi
  • 10-50 mln so‘m – 143,8 ming haydovchi
  • 5-10 mln so‘m – 71,8 ming haydovchi
  • 1-5 mln so‘m – 146,7 ming haydovchi
  • 1 mln so‘mgacha – 159,7 ming haydovchi

2024-yilda 100 mln so‘mdan ko‘proq daromad olgan haydovchilar 4,7 mingta edi. 50 mln so‘mdan 100 mln so‘mgacha daromad olganlari esa 23,1 ming kishiga yetgan edi.

Foydalanilayotgan avtomobillar

2025-yilda haydovchilik uchun eng ko‘p Cobalt avtomobili ishlatildi. Bunda uning barcha avtomobillar ichidagi ulushi 23,7 foiz bo‘ldi. 

Keyingi o‘rinlarda Nexia (20,7%) va Lacetti (16,7%) joy oldi. 2024-yil yakunida Cobalt ulushi 16,7 foiz, Nexia 17,8 foiz hamda Lacetti 13,9 foiz edi.

Manba: Soliq qo'mitasi

Elektromobillar esa jami haydovchilarning 1,9 foizini tashkil etmoqda. 2024-yil yakunida bu ko‘rsatkich 1,2 foiz edi. Bu taksi bozorida elektromobillar ko‘payayotganini ko‘rsatadi. 

Avtomobillarning yoshiga to‘xtalsak, foydalanilayotgan avtomobillarning 1 yildan uch yilgacha bo‘lganlari umumiy sonining 16,5 foizini tashkil etadi. 2024-yilda bu 10,4 foiz edi.  

Shuningdek, 3 yildan 5 yilgacha bo‘lgan avtomobillar 41,3 foizni, 5 yildan 10 yilgacha bo‘lganlari 11,3 foizni, 10 yildan ortig‘i esa 26,5 foizni tashkil etdi.

#taksi_bozori

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilganlar