So‘nggi kunlarda ayrim YTTlarning yillik aylanmasi 1 mlrd so‘mga yetmagan holda ham QQS to‘lovchisi sifatida avtomatik ro‘yxatga olinayotgani haqida xabarlar tarqaldi.
Soliq qo‘mitasi mazkur holatlar Soliq kodeksi normalariga muvofiq amalga oshirilayotganini ma’lum qilib, bu borada tushuntirish berdi.
Unga ko‘ra, yangi ro‘yxatdan o‘tgan yakka tartibdagi tadbirkor yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxsning QQS to‘lashga o‘tishi nazorat summasiga qarab belgilanadi.
Ularning aylanmasi belgilangan nazorat summasidan oshsa, ro‘yxatdan o‘tilgan yildan keyingi yildan boshlab QQS to‘lashga o‘tadi.
Nazorat summasini hisoblash
Nazorat summasini hisoblashda dastlab 1 mlrd so‘m 365 kunga bo‘linadi, so‘ngra soliq to‘lovchi ro‘yxatdan o‘tgan sanadan yil oxirigacha bo‘lgan kunlar soniga ko‘paytiriladi.
Misol uchun, yakka tartibdagi tadbirkor 2025-yil 1-oktyabrda ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, shu kundan yil oxirigacha 92 kun qoladi.
Shunda 1 mlrd so‘m 365 kunga bo‘linib, natija 92 kunga ko‘paytiriladi. Bundan 252,05 mln so‘m natija kelib chiqadi.
Demak, yuqoridagi yakka tartibdagi tadbirkor uchun nazorat summasi 252,05 mln so‘mni tashkil etadi.
Agar tadbirkor belgilangan nazorat summasidan ko‘proq aylanma qilsa, 2026-yildan boshlab QQS to‘lashga o‘tadi.
Soliq qo‘mitasi yuqoridagilarni inobatga olib, tadbirkorlardan daromad ko‘rsatkichlarini muntazam ravishda tahlil qilib borishni tavsiya etdi.
