2025-yilda Raqobat qo‘mitasiga elektron tijorat sohasiga oid qariyb 3100 ta murojaat kelib tushgan. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qo‘mita murojaatlarni o‘rganish jarayonida elektron tijorat kompaniyalari faoliyatida bir qator kamchiliklarni aniqlagan.
Xususan, ko‘rsatilayotgan xizmatlar va shartnoma shartlarida muammolar mavjudligi qayd etilgan.
Shuningdek, kafolat muddati doirasidagi servis xizmatlarida ham kamchiliklar aniqlangan.
Bundan tashqari, nuqsonli mahsulotlarni almashtirish yoki qaytarish jarayonida qiyinchiliklar kuzatilgan.
Ayrim hollarda reklamalarda noto‘g‘ri yoki chalg‘ituvchi ma’lumotlar berilgani ham ma’lum bo‘lgan.
Tahlillarga ko‘ra, murojaatlarning asosiy qismi quyidagi kompaniyalarga tegishli bo‘lgan:
- Uzum Market — 851 ta (27,8%)
- Uzum Nasiya — 842 ta (27,6%)
- Yandex — 329 ta (10,8%)
- Texnomart — 168 ta (5,5%)
- Ishonch — 166 ta (5,4%)
- Alif Shop — 150 ta (4,9%)
- Uzum Tezkor — 115 ta (3,8%)
- Openshop.uz — 56 ta (1,8%)
- ZoodMall — 54 ta (1,8%)
- IDEA — 46 ta (1,5%)
Bundan tashqari, kompaniyalarning murojaatlar bo‘yicha muammolarni qay darajada hal qilgani ham o‘rganib chiqilgan.
Natijada, murojaatlarning 84,8 foizida iste’molchilar foydasiga qaror qabul qilinib, ularning huquqlari tiklangan.
Ijobiy hal etish ko‘rsatkichlari quyidagicha:
- IDEA — 84,8%
- Uzum Tezkor — 82,6%
- Ishonch — 81,3%
- ZoodMall — 79,6%
- Texnomart — 79,2%
- Openshop.uz — 76,8%
- Alif Shop — 75,3%
- Uzum Market — 72,7%
- Uzum Nasiya — 71,9%
- Yandex — 63,5%
O‘rganishlar yakunida huquqlari buzilgani aniqlangan iste’molchilarga 7,3 mlrd so‘m miqdorida zarar qaytarilishi belgilangan.
