Bahorda Olmaota shahrida haydovchisiz taksilar qatnay boshlaydi.
Bu haqda Kazinform nashri shahar raqamlashtirish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Meyram Dyusyukovga tayanib xabar berdi.
Dyusyukovning aytishicha, Yandex Kazakhstan kompaniyasi bilan hamkorlikda 2026-yil 1-maygacha 50 ta haydovchisiz avtomobilni yo‘llarga chiqarish rejalashtirilgan.
Loyihaga Yandex Kazakhstan kompaniyasidan tashqari boshqa kompaniyalarni ham jalb etish ko‘zda tutilgan.
Ta’kidlanishicha, inDrive taksi xizmati bilan ham haydovchisiz taksini ishga tushirish bo‘yicha kelishuv imzolangan.
Birinchi bosqichda texnologiyalar maxsus poligonda sinovdan o‘tkaziladi. Tashkilotchilar esa sayohatlar uchun yo‘nalishlarni tayyorlaydi.
Shundan so‘ng, haydovchisiz boshqariladigan avtomobillar bosqichma-bosqich kelishilgan yo‘nalishlarda va doimiy nazorat ostida ish boshlaydi.
Tajribada foydalanish uchun haydovchisiz avtomobillarning aniq modellari hozircha belgilanmagan.
Xizmat ko‘rsatish shakli va mashinalardagi yo‘lovchilarning maksimal soni tajriba loyihasini tayyorlash va amalga oshirish jarayonida belgilanadi.
Haydovchisiz taksi xizmatlari narxlarini xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalar mustaqil ravishda belgilashi aytilgan.
Xususan, bozor sharoitlari, foydalanishning iqtisodiy ko‘rsatkichlari, texnologiyalar va infratuzilma xarajatlari hisobga olingan holda narxlar o‘rnatiladi.
