TBC Bank ustav kapitalini 240 mlrd so‘mga oshirmoqda. Bank buning uchun nominal qiymati 1 ming so‘m bo‘lgan 240 mln dona oddiy aksiya chiqaradi.
Bu haqda Korporativ yagona axborot portalida ma’lum qilindi. Chiqarilgan aksiyalar yopiq obuna orqali TBC Digital boshqaruv kompaniyasiga joylashtiriladi.
Jarayon yakunlangach, bankning ustav kapitali 2 trln 360 mlrd so‘mga yetadi.
TBC Uzbekistan ekotizimi tarkibidagi TBC SUG‘URTA kompaniyasining ustav kapitali esa aksincha kamaymoqda.
Bunda kompaniya ilgari ro‘yxatdan o‘tkazilgan aksiyalar emissiyasi hajmini 12 mlrd so‘mdan 3 mlrd so‘mgacha qisqartirdi.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yilda TBC Bank 341 mlrd so‘m sof foyda olgan edi. 2025-yilda esa bankning sof foydasi keskin kamayib, 600 mln so‘mni tashkil etdi.
Ma’lumot uchun, odatda banklar ustav kapitalini kreditlash hajmini kengaytirish, moliyaviy barqarorlikni mustahkamlash va Markaziy bank talablariga moslashish maqsadida oshiradi.
