Qudratilla Tulyaganov Toshkent shahrining Olmazor tumani hokimi etib tayinlandi. Bu haqda poytaxt hokimligi xabar berdi.
Tulyaganov tayinlovga qadar 2023-yil fevral oyidan beri Asakabank boshqaruvi raisi lavozimida ishlayotgan edi. Ma’lumot uchun, Asakabank davlat banki hisoblanadi.
Yangi hokim haqida
Tulyaganov Qudratilla Asatullayevich 1982-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan.
2008-yilda Toshkent moliya institutini, 2016-yilda esa O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi magistraturasini bitirgan.
Uning mutaxassisligi investitsiyalarni boshqarish hisoblanadi. Mehnat faoliyatini 2000-yilda bank tizimida boshlagan.
25 yildan ziyod mehnat faoliyati davomida asosan davlat banklarining turli yuqori lavozimlarida ishlagan.
Jumladan, 2020-yildan 2023-yilgacha O‘zmilliybank boshqaruvi raisi o‘rinbosari bo‘lgan. 2023-yilning fevral oyida esa Asakabank boshqaruvi raisi etib tayinlangan.
