2025-yilning sentyabr-oktyabr oylarida O‘zbekistonning turli hududlaridagi davlat bolalar bog‘chalarida bolalarning ommaviy zaharlanishi holatlari qayd etildi.
Eng yirik zaharlanish holatlari sentyabr oyida Toshkent viloyatida yuz berdi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Piskent, Bo‘ka, Bekobod, Quyi Chirchiq va Oqqo‘rg‘on tumanlarida mingdan ortiq tarbiyalanuvchilarning ovqatdan zaharlanish holatlari kuzatilgan. Shuningdek, yuzlab bolalar kasalxonaga yotqizilgani, jinoiy ish qo‘zg‘atilgani va oziq-ovqat bilan ta’minlashda ishtirok etgan kompaniyalar vakillari hibsga olinganligi haqida xabar berilgan.
Tergovning dastlabki bosqichida zaharlanish manbai sifatida bolalar bog‘chalariga markazlashtirilgan holda yetkazib beriladigan sut va fermentlangan sut mahsulotlari keltirilgan edi.
Oktyabr oyida shunga o‘xshash, ammo masshtabi kichikroq voqea Jizzax viloyatining Forish tumanida qayd etildi. Bu hodisaga ham sabab sut va fermentlangan sut mahsulotlari ekanligi ma’lum qilindi.
Ushbu voqealar turli hududlarda va turli vaqtda sodir bo‘lgan. Bu voqealar davomida ko‘pchilik aynan muammo kuzatilgan hududlarga e’tibor qaratdi: kim ovqat yetkazib bergan? qaysi ovqat? rahbar kim? Boshqa bir ko‘zga ko‘rinmas, ammo muhim masala esa qolib ketdi: ovqat yetkazib beruvchilar qanday tanlangan?
Davlat MTMlarida ovqatlanishni tashkil etish bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar qanday tanlanishini tushunish maqsadida tanga.uz jurnalistlari davlat tenderlari natijalarini o‘rganib chiqdi.
Biz ommaviy zaharlanish holatlari kuzatilgan 2025-yilda Toshkent viloyatining 20 ta, Jizzax viloyatining 6 ta, Samarqand viloyatining 5 ta va Surxondaryo viloyatining 5 ta tumanida o‘tkazilgan tenderlarga e’tibor qaratdik.
Tenderlar haqida batafsil ma’lumotni havola orqali ko‘rishingiz mumkin.
Davlat bog'chalarida ovqatlanishni ta’minlash qanday tashkil qilingan?
O‘zbekistondagi davlat bolalar bog‘chalarida ovqatlanish autsorsing tizimi orqali tashkil etiladi. Oshxonani bog‘chalarning o‘zi boshqarmaydi. Autsorsing korxonalari davlat xaridlari doirasida tanlanadi. Ushbu kompaniyalar oziq - ovqat mahsulotlarini sotib olish va saqlashdan tortib, bolalar bog‘chalarida ovqat tayyorlash va yetkazib berishgacha bo‘lgan butun tizim uchun javobgar.
Tenderlar va keyingi shartnomalarni tahlil qilish zaharlanishning sabablarini emas, balki umuman tizimning qanchalik darajada nazorat ostidaligini ko‘rsatib berishi mumkin.
O‘tkazilgan tenderlarni tahlili natijasida takrorlanuvchi tendensiyalarni aniqladik:
- Avvaliga tenderda bir nechta kompaniyalar ishtirok etadi va protsedura raqobatbardosh ko‘rinadi.
- Arizalarni ko‘rib chiqish bosqichida ishtirokchilarning aksariyati chiqarib tashlanadi va tender yakuniga kompaniyalarning minimal ruxsat etilgan soni ikkita qoladi.
- Ularning orasidan g‘olib aniqlanadi.
Ishtirokchilarni diskvalifikatsiya qilinishi bir xil sabab bo‘yicha amalga oshirilgan. Asos sifatida ishtirokchining malakasi va taklifning tarkibi bilan bog‘liq bo‘lgan 2 va 3-ilovalar ko‘rsatilgan.
Shu bilan birga, protokollarning o‘zidan diskvalifikatsiya qilingan korxona aynan nima uchun chiqarib yuborilganini tushunish qiyin: aynan qaysi hujjat yo‘q edi va qaysi hujjat to‘g‘ri kelmaydi deb topildi?
Davlat xaridlari portalida taqdim etilgan hujjatlarni ko‘rish imkoniyati mavjud bo‘lsa-da, ushbu tenderlarda hujjatlar ishtirokchilar tomonidan yashirilgan*. Natijada jamoatchilik uchun kompaniyalarni diskvalifikatsiya qilinishi qanchalik asosli bo‘lganini tekshirish imkonsiz. Nega o‘nlab tenderlarda doim bir xil ikkita korxona hujjatlarni to‘g‘ri topshirib, qolganlarini noto‘g‘ri topshirgani tushunarsiz.
Ma'lumot uchun, tadbirkorlar taqdim etilgan hujjatlarini yashirish huquqiga ega, sababi fayllar orasida moliyaviy sir bilan bog’liq hujjatlar ham bo’lishi mumkin.
O’tkazilgan tenderlar rasmiy ravishda belgilangan talablarga javob beradi: ularda bir nechta ishtirokchilar va finalda zarur bo'lgan minimal raqobatchilar mavjud. Biroq, ularni tanlash mantig'ining o'zi noaniq bo'lib qolmoqda.
Bundan tashqari butun tuman (shahar) miqyosidagi bolalar bog‘chalariga ovqat yetkazib berish xizmati bitta tashkilot zimmasiga yuklatilgani e’tiborni tortadi. Masalan, Samarqand shahrida 99 ta davlat bog‘chasi mavjud bo‘lib, ularning barchasi birgina yetkazib beruvchi tomonidan qamrab olingan.
Shu bilan birga, tashkilotlar bir vaqtning o‘zida 5–6, ayrim hollarda esa 10 tagacha hudud bo‘yicha tenderlarda g‘olib bo‘layotganini aniqladik. Bunday yirik hajmlar qanchalik asosli va monopoliyaga olib kelish xavfi qanday?
Toshkent viloyati — 20 hudud va doimiy 5 ishtirokchi
2025-yil avgust oyida Toshkent viloyatida o‘tkazilgan 20 ta tender natijasiga ko‘ra, 5 ta korxona g’alaba qozondi.
Tenderlarning umumiy summasi — 213,5 mlrd so’m. "Govorness Business" MChJ g‘olib bo‘lgan barcha 10 ta tenderda yakuniy bosqichda faqat "Muxsin-Fayz" MChJ bilan raqobatlashgan. Qolgan ishtirokchilar tender jarayonida diskvalifikatsiya qilingan.
Ushbu tenderlar qatorida bolalarning ommaviy zaharlanishi qayd etilgan Piskent tumani bo‘yicha o‘tkazilgan tender ham mavjud. Ushbu 10 ta tenderning umumiy qiymati 111,4 mlrd so‘m (barcha tenderlar qiymatining 52%)ni tashkil etadi.
"Nishon Invest" MChJ g‘alaba qozongan 3 ta tenderning 2 tasida yakuniy yagona raqobatchi "Innavation-Outsourcing-Service" MChJ, 1 tasida esa"Muxsin-Fayz" MChJ bo‘lgan. Bu tenderlar orasida zaharlanish holatlari qayd etilgan Oqqo‘rg‘on va Quyi Chirchiq tumanlari ham bor. Ushbu tenderlarning umumiy summasi 25,3 mlrd so‘mni tashkil etadi.
"Innavation-Outsourcing-Service" MChJ g‘olib bo‘lgan 2 ta tenderda uning yakuniy yagona raqobatchisi "Nishon Invest" MChJ bo‘lgan. Bu tenderlar bolalarning ommaviy zaharlanishi qayd etilgan Bekobod va Bo‘ka tumanlariga to‘g‘ri keladi. Ushbu ikki tenderning umumiy qiymati 17,7 mlrd so‘m.
"Muxsin-Fayz" MChJ esa Bekobod shahri bo‘yicha o‘tkazilgan tenderda g‘olib bo‘lgan. Bu tenderda ham uning yakuniy yagona raqobatchisi "Nishon Invest" MChJ bo‘lgan. Tender summasi 11,5 mlrd so‘mni tashkil etadi.
"Asia Best Distribution Service" MChJ g’alaba qozongan 4 ta tenderning barchasida uning yagona raqibi "Jasminaxon Omad Yuksalish" MChJ bo’lgan. Qolgan ishtirokchilar diskvalifikatsiya qilingan. Tenderlarning yakuniy qiymati 47,6 mlrd so’m.
Ishtirokchilarining bu tarzdagi g’alabasi ushbu tenderlardagi raqobat muhitiga savol tug’diradi. Davlat xaridlari bo’yicha ekspert Kamol Niyazovning tanga.uz ga ma’lum qilishicha, bunday diskvalifikatsiyalar amalda tez-tez uchrab turadi.
Ha, bunday holatlar haqiqatan ham mavjud. Umuman olganda, viloyatlarda til biriktirishlar ko‘proq uchraydi. Ya’ni u yerda odatda buyurtmachi va yetkazib beruvchi bilan oldindan kelishib olinadi. Buyurtmachining vazifasi - iloji boricha barcha raqiblarni turli yo‘llar bilan har bir noto’g’i nuqta yoki minimal xato uchun diskvalifikatsiya qilib, tenderdan chiqarib tashlash.
Kamol Niyazovning qayd etishicha, ko‘pchilik chetlashtirilganlar mutasaddi organlarga murojaat qilmaydi. Buning sababi ularni qayerga murojaat qilishni bilmasligi yoki avvalgi murojaatlarining salbiy oqibatlari bo’lishi mumkin.
Diskvalifikatsiya qilingan ishtirokchilarni murojaat qilmasligiga yana bir sabab - bu qora ro’yxatdan qo’rquv. Ya’ni norasmiy qora ro’yxat bor deyishadi, agar qaysidir korxona murojaat qilib chiqsa, arz qilsa - u bilan umuman hamkorlik qilinmaydi. Shu sababdan ham ko’pchilik tadbirkorlar jim yurishadi va shu sababdan ham bu holatlar ko’p ovoza qilinmaydi, - deydi ekspert.
Bo‘stonliq tumani. Bitta tender — ikki natija
Bo‘stonliq tumani bo‘yicha 7-avgust kuni e’lon qilingan tender natijalarida
Boshqa hududlarda vaziyat qanday?
Ushbu 20 ta tenderda g‘olib bo‘lgan kompaniyalardan tashqari barcha ishtirokchilarning diskvalifikatsiya qilinishi hamda yakuniy bosqichda bir xil raqobatchilarning takror-takror uchrashi e’tiborni tortadi. Bu holat autsorsing xizmatida real raqobat qanchalik shakllanganini savol ostiga qo‘yadi. Agar bunday yondashuv tizimli bo‘lsa, u faqat Toshkent viloyati bilan cheklanib qolgan bo‘lishi ehtimoli past.
Shu sababli tanga.uz boshqa hududlarda o‘tkazilgan tenderlarni ham tahlil qildi. Keyingi hudud sifatida Toshkent viloyatidagi ommaviy zaharlanishdan bir oy o‘tib shunga o‘xshash holat qayd etilgan Jizzax viloyati tanlandi.
Jizzax, Samarqand va Surxondaryo viloyatlari
tanga.uz Toshkent viloyatidagi ommaviy zaharlanishdan bir oy o‘tib shunga o‘xshash holat sodir bo’lgan Jizzax viloyatida o’tkazilgan tenderlarni o’rgandi. Holat qayd etilgan Forish tumani alohida e’tibor markazida bo‘ldi. Ushbu tumandagi davlat bolalar bog‘chalariga ovqat yetkazib berish bo‘yicha autsorsing xizmati "Meat Fish Business" MChJ tomonidan amalga oshirilgan.
Mazkur kompaniya 2025-yil 14-iyul kuni Jizzax viloyati bo‘yicha o‘tkazilgan 6 ta tenderda g‘olib deb topilgan bo‘lib, ular qatorida Forish tumani bo‘yicha o‘tkazilgan tender ham mavjud.
Ushbu tenderlarning barchasida "Meat Fish Business" MChJning yakuniy bosqichdagi yagona raqobatchisi "Kindergarden Food" MChJ bo‘lgan, qolgan ishtirokchilar esa tender jarayonida diskvalifikatsiya qilingan. Ushbu shartnomalarning umumiy qiymati 42,1 mlrd so‘mni tashkil etadi.
tanga.uz zaharlanish holatlari kuzatilmagan ikki yirik hudud: Samarqand va Surxondaryodagi tenderlarni ham o’rgandi. Bu hududlarda zaharlanish holatlari qayd etilmagan bo‘lsa-da, tenderlar o‘tkazilishida o‘xshash yondashuv kuzatiladi.
Samarqand viloyatidagi tenderlarni o’rganish jarayonida qiziq bir holat kuzatildi. Bu viloyatida bog‘chalarga ovqat yetkazib berish bo‘yicha o‘tkazilgan tenderlarda "Lazzatli-Halol Oshxona" MChJ 5 ta hududda g‘olib bo‘lgan. Shu bilan birga, mazkur kompaniya Surxondaryo viloyatidagi yana 5 ta hudud bo‘yicha o‘tkazilgan tenderlarda ham g‘alaba qozongan.
E’tiborlisi shundaki, 10 ta tenderning barchasida "Lazzatli-Halol Oshxona" MChJning yakuniy bosqichdagi yagona raqobatchisi “Jasminaxon Omad Yuksalish” MChJ bo‘lgan. Qolgan ishtirokchilar tender jarayonida diskvalifikatsiya qilingan. Ushbu 10 ta tenderning umumiy qiymati 137,5 mlrd so‘mni tashkil etadi.
Shuningdek, bu g‘olib firma Toshkent viloyatidagi bir nechta tenderlarda ishtirok etgani, ammo hujjatlarni noto’g’ri topshirgani yoki umuman topshirmagani sababdan diskvalifikatsiya qilinganini aniqladik. Qizig’i shundaki, hujjatlar to’plami bu tenderlarning barchasida bir xil.
2026-yil uchun Qo’shimcha shartnomalar
Yuqorida keltirilgan barcha korxonalar bilan 2026-yil uchun ham qo‘shimcha kelishuvlar tuzilgan.
Toshkent viloyatida qo‘shimcha shartnomalar bolalarning ommaviy zaharlanishi qayd etilgan Piskent, Bekobod, Bo’ka, Oqqo’rg’on, Quyi Chirchiq tumanlari va Bekobod shahridan boshqa barcha hududlar bo’yicha tuzilgan.
Jizzax viloyati Forish tumani bilan ham xuddi shu holat kuzatildi. "Meat Fish Business" MChJ bilan faqat Forish tumani bo’yicha qo’shimcha shartnoma tuzilmagan, qolgan 5 ta tuman shartnomasi uzaytirilgan.
Qizig’i, shartnomasi uzaytirilmagan hududlarda yangi tender o’tkazilmagan va ushbu hududlarda bolalar bog’chasini 2026-yil kim ovqat bilan ta’minlayotgani noma’lum.
Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida bolalarning ommaviy zaharlanishi holatlari qayd etilmagan bo‘lsa-da, shartnomalarni uzaytirish mexanizmi Toshkent va Jizzax viloyatlarida kuzatilgan yondashuvdan farq qilmaydi.
Bu viloyatlarda ikki tuman bo‘yicha qo‘shimcha shartnoma tuzilmagan, buning sabablari bo’yicha ochiq manbalarda ma’lumot mavjud emas.
Qonun nima deydi?
Umuman olganda, buyurtmachi shartnomani uzaytirish huquqiga ega. Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-yanvardagi 1-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomda:
“Autsorser tomonidan shartnoma va investitsiya majburiyatlari to‘liq bajarilganda, o‘z faoliyati sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga muvofiq amalga oshirilganda, davlat buyurtmachisi hamda autsorser bilan tuzilgan shartnoma xarid komissiyasi qaroriga ko‘ra uzaytirilishi mumkin” - deyiladi.
Ya’ni, agar shartnoma ijrosi davomida favqulodda holatlar qayd etilmagan bo‘lsa, buyurtmachi yangi tender o‘tkazmasdan turib, mavjud yetkazib beruvchi bilan hamkorlikni uzaytirishi mumkin.
Ushbu norma amalda aynan qanday qo‘llanilishi e’tiborni tortadi.
O‘rganilgan holatlarda faqatgina ommaviy zaharlanish holatlari qayd etilgan tumanlar bo‘yicha qo‘shimcha kelishuvlar tuzilmagan, ayni paytda ushbu viloyatning boshqa tumanlaridagi xuddi shu yetkazib beruvchilar bilan hamkorlik tenderlarsiz uzaytirilgan (Nizomga asosan).
Shu bilan birga, nega ommaviy zaharlanish holatlari butun viloyat miqyosida korxonaning ishini qayta ko‘rib chiqish uchun asos sifatida ko‘rilmagani va nega Nizomning 43-bandini qo’llanishi ma’lum bir tuman bilan cheklangani tushunarsiz bo‘lib qolmoqda.
Davlat xaridlari bo’yicha ekspert Kamol Niyazovning qayd etishicha, bunday tenderlarda katta miqdordagi garov summasi (depozit) bo‘ladi, u ham tender summasiga yarasha yuqori - milliardlab so’m bo’lishi mumkin va bu raqobat muhitini buzadi.
Bu sun’iy ravishda yetkazib beruvchilar doirasini cheklash, ularning ishtirok etmasligi uchun qo‘yilgan to‘siq. Chunki depozit katta bo‘lsa, har qanday kompaniya ham ishtirok eta olmaydi.
tanga.uz butun bir viloyatdagi MTMlarga ovqat yetkazib berish bo’yicha deyarli barcha tenderlar bir vaqtda boshlanishini aniqladi.
Toshkent viloyatida - 16-iyul, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida 11-avgust, Jizzax viloyatida esa 23-iyun. Kamol Niyazovning fikriga ko’ra, ushbu tenderlar ma’lum jadvalga asosan biroz farq bilan qo’yib borilishi boshqa tadbirkorlar uchun ham imkoniyat yaratadi.
Tenderlardagi bu muammo bor, lekin bilishimcha, ko‘pchilikni tekshirishni boshlashdi. Ya’ni bu mavzu e’tibordan chetda qolmadi. Nima bo’lishini endi kuzatamiz”, deya ekspert o’z fikrini yakunlaydi.
Haqiqatdan ham tekshiruvlar olib borilmoqda.
6-fevral kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Jamoatchilik kengashining yig’ilishida 2025-yilda MTMlarga ovqat yetkazib berish bo’yicha Toshkent, Andijon viloyati va Toshkent shahrida o’tkazilgan umumiy qiymati 441 milliard so’mlik tenderlarda qonunbuzilishi aniqlanib, taqdimnoma kiritilgani ma'lum qilindi.
Ammo shunga qaramay yuqorida tilga olingan korxonalar bilan zaharlanish holatlari kuzatilgan tumanlardan tashqari barcha hududda shartnomalar 2026-yilga uzaytirilgan.
Hozirda Piskent, Buka, Bekobod, Quyi Chirchiq, Forish tumanlari va Bekobod shahridagi bog’chalarga kim ovqat yetkazib berayotgani noma'lum. Na tender o’tkazilgan, na qo’shimcha shartnoma tuzilgan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish borasida mamlakatda amalga oshirilayotgan ishlar tahsinga loyiq. Shu qatorda davlat xaridlaridagi shaffoflikni yanada mukammallashtirish jamoatchilik tomonidan nazoratni kuchayishiga turtki berishi shubhasiz.
Ayniqsa, gap bolalarning sog’lom ovqatlanishi va ulg’ayishi haqida ketganda. Umid qilamizki, yuqoridagi holatlar bo’yicha mutasaddi tashkilotlar tomonidan qo’shimcha o’rganishlar olib boriladi va aniqlik kiritiladi.
