Xususiy biznesning obligatsiya orqali pul jalb qilishga ishonchi ortmoqda

13.02.2026 13:36
O‘zbekistonda korporativ obligatsiyalar bozori tarixda ilk bor 5 trln so‘mdan oshdi. Bu xususiy biznes bankdan kredit olish o‘rniga investorlardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri pul jalb qilishga ishonchi ortayotganini ko‘rsatadi.
Xususiy biznesning obligatsiya orqali pul jalb qilishga ishonchi ortmoqda

Foto: Sun’iy intellekt

O‘zbekistonda korporativ obligatsiyalar bozori tarixda ilk bor 5 trln so‘mdan oshdi. Bu haqda Markaziy depozitariy xabar berdi

13-fevral holatiga ko‘ra, kompaniyalar chiqargan obligatsiyalarning umumiy hajmi 5,28 trln so‘mni tashkil etmoqda. 

2026-yil boshida bu ko‘rsatkich 1,9 trln so‘m edi. Bu yillik hisobda 2,7 barobar o‘sish demakdir. 

E’tiborli jihati shundaki, obligatsiya chiqargan kompaniyalar soni 43 tadan 34 taga kamaygan. 

Shunga qaramay, umumiy pul hajmi deyarli uch barobar oshgan. 

Bu yirik va barqaror kompaniyalar ko‘proq mablag‘ jalb qilayotganidan dalolat beradi. 

Ro‘yxatga olingan 34 ta kompaniyaning 26 tasi mas’uliyati cheklangan jamiyat hisoblanadi. 

Bu xususiy biznes bankdan kredit olish o‘rniga investorlardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri pul jalb qilishga ishonchi ortayotganini ko‘rsatadi — deyiladi xabarda.

Bir yil ichida muomaladagi obligatsiyalar soni 170 mln donadan 223,5 mln donaga ko‘paydi. 

Bu obligatsiyalar narxi qulaylashib, oddiy fuqarolar uchun ham sarmoya kiritish imkoniyati kengayayotganini anglatadi. 

Ma’lumot uchun, obligatsiya kompaniyaning qarz qog‘ozi hisoblanadi. 

Sodda qilib aytganda, kompaniya aholiga yoki investorlarga: "Menga pul bering, ma’lum muddatdan keyin ustiga foiz qo‘shib qaytaraman", deb va’da beradi. Shu va’dani tasdiqlovchi hujjat obligatsiya deb ataladi. 

So‘nggi kunlarda bir qator mikromoliya tashkilotlari obligatsiya chiqarmoqda. 

Ularning yillik foiz stavkalari bank omonatlaridagi stavkalardan yuqoridir.

#markaziy_depozitariy#obligatsiya

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilganlar