Yanvar oyida "IT Unisoft Group" aksiyadorlik jamiyatining to‘lov tashkiloti faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan litsenziyasi bekor qilindi.
Markaziy bank ushbu litsenziya kompaniyaning o‘z arizasiga binoan bekor qilinganini ma’lum qildi.
Natijada, O‘zbekistonda litsenziyaga ega to‘lov tashkilotlari soni bittaga kamayib, 45 taga tushdi. Ma’lumot o‘rnida, Click va Payme kabi kompaniyalar to‘lov tashkilotlari hisoblanadi.
IT Unisoft Group to‘lov tashkilotiga tegishli litsenziya 2023-yilning aprel oyida berilgan edi. Shu nomdagi MChJ esa 2019-yilda ro‘yxatga olingan.
Kompaniyaning moliyaviy hisobotlarida 2023-yilda 11,7 mlrd so‘m sof foyda olgani qayd etilgan.
Biroq bu ma’lumot ishonchsiz ko‘rinadi. Chunki ayni hisobotda kompaniya daromadi 3 mlrd so‘m, xarajatlari esa 31,1 mlrd so‘mni tashkil etgani ko‘rsatilgan.
2024-yil uchun hisobotlar esa ochiqlanmagan. 2025-yilning dastlabki to‘qqiz oyida kompaniya 141,3 mlrd so‘m sof foyda olganini ma’lum qilgan.
Ushbu hisobot davrida kompaniya 184,2 mlrd so‘m daromad ko‘rgani qayd etilgan.
To‘qqiz oylik hisobotga ko‘ra, kompaniya aktivlari 102 mlrd so‘mni tashkil etgan. Bu aktivning 68,6 mlrd so‘mi taqsimlanmagan foydaga to‘g‘ri kelgan.
Hozirda kompaniya ustav kapitali 24 mlrd so‘mni tashkil etmoqda. Amaldagi talabga ko‘ra, to‘lov tashkilotlarining eng kam ustav kapitali 20 mlrd so‘m bo‘lishi lozim.
Demak, kompaniya ustav jihatidan talabni bajargan. Kompaniya aksiyadorlariga kelsak, ular haqidagi ma’lumotlar ochiq manbalarda keltirilmagan.
