O‘zbekiston temir yo‘llari aksiyadorlik jamiyati 2025-yilning dastlabki to‘qqiz oyida 1,34 trln so‘m sof foyda oldi.
2025-yilga o‘rtacha kurs bo‘yicha hisoblaganda, bu miqdor 106,5 mln dollarga teng bo‘ladi.
Taqqoslash uchun, kompaniya 2024-yilning mos davrida 328,5 mlrd so‘m zarar ko‘rgan edi.
Hisobotga ko‘ra, kompaniya ushbu davrda 11 trln so‘m daromad qo‘lga kiritgan. Ushbu daromadning 8,93 trln so‘mi tannarxni tashkil etgan.
Kompaniya tannarx ko‘rsatkichini 2024-yilning mos davriga nisbatan 60 mlrd so‘mga kamaytirishga erishgan.
Daromadi esa 277 mlrd so‘mga oshgan. Shu bilan birga, xarajatlar ham 137 mlrd so‘mga ko‘payib, 1,58 trln so‘mni tashkil etdi.
Xarajatlar tarkibida eng yuqori o‘sish ma’muriy xarajatlarga to‘g‘ri kelgan.
Bunda ma’muriy xarajatlar 2024-yilning mos davriga nisbatan 83 mlrd so‘mga ko‘payib, 490 mlrd so‘mga yetgan.
Hisobot davri uchun kompaniya 296,5 mlrd so‘m soliq to‘lagan. Bu 2024-yilning mos davriga nisbatan 210 mlrd so‘mga yoki 3,5 barobarga ko‘p hisoblanadi.
Aktivlar
Kompaniya aktivlariga kelsak, to‘qqiz oy yakunida 2,3 trln so‘mga ko‘payib, 46,4 trln so‘mni tashkil etgan.
Ushbu aktivning 30,4 trln so‘mi kompaniya majburiyatlariga to‘g‘ri keladi. Ularning qiymati bir yil ichida 563 mlrd so‘mga oshgan.
Hisobot davrida kompaniyaning ustav kapitali 3,8 trln so‘m miqdorida o‘zgarishsiz qolgan.
