MobiUz aloqa kompaniyasining axborot tizimiga kiberhujum sodir etildi. Bu haqidagi ma’lumot darknet anonim tarmog‘ida e’lon qilindi.

Unda xaker kompaniya tizimiga to‘liq kirib olganini da’vo qilgan. Uning aytishicha, kompaniyaga tegishli sakkizta ma’lumotlar bazasiga kirish imkoniyatiga ega bo‘lgan.
Bular orasida 3 ming nafar MobiUz xodimining shaxsiy ma’lumotlari, abonentlarni ro‘yxatdan o‘tkazish ma’lumotlari, korporativ mijozlar hujjatlari va 1C tizimidagi moliyaviy ma’lumotlar borligi aytilgan.
Kompaniya bayonoti
MobiUz kompaniyasi rasmiy bayonotida mijozlar ma’lumotlariga kirish haqida da’volarni rad etdi.
Kompaniya ma’lum qilishicha, asosiy tizimlarga ulanmagan sinov serverlaridan biriga ruxsatsiz kirish aniqlangan.
Shuningdek, abonentlar haqidagi ma’lumotlar, ularning shaxsiy va moliyaviy ma’lumotlari saqlanadigan tizimlar to‘liq himoyalanganini ta’kidladi.
Qo‘shimcha ravishda, u yerga hech qanday kirish izlari topilmagani va mijozlarning shaxsiy ma’lumotlari sizib chiqmagani aytildi.
Hozirda kompaniya mas’ul organlar bilan birgalikda hodisani tekshirmoqda.
Ma’lumot uchun, MobiUz kompaniyasi davlatga tegishli. Hozirda uni xususiylashtirish jarayoni ketmoqda.
