Prezident yoshlar bilan muloqotda 2026-yildan "Kelajak tadbirkori" dasturi ishga tushirilishini va yosh tadbirkorlarga 7 yil muddatgacha 15 foizli kredit ajratilishini ma’lum qildi.
Shuningdek, o‘zini o‘zi band qilgan yoshlarga garovsiz 20 mln so‘mgacha, tadbirkorlik ko‘nikmasiga ega bo‘lib, o‘z biznesini boshlayotganlarga esa 300 mln so‘mgacha kredit ajratilishi belgilandi.
Faoliyatini kengaytirmoqchi bo‘lgan yosh tadbirkorlarga 2 mlrd so‘mgacha, kamida 5 nafar bitiruvchini ishga olgan tadbirkorlarga esa 10 mlrd so‘mgacha kredit beriladi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan hamkorlikda “Mening birinchi kasbim” dasturini boshlash topshirildi.
Bunda stajirovka dasturi asosida oliygoh bitiruvchilari o‘rtasida tanlov o‘tkazilib, ularga oyiga 2 mln so‘mgacha stipendiya to‘lash yo‘lga qo‘yilishi aytildi.
Shu bilan birga, har bir hududda tadbirkorlikka o‘qitish, buxgalteriya, bank ishi, marketing, ichki va tashqi bozorlarga chiqish bo‘yicha kompleks xizmatlar ko‘rsatadigan “Yoshlar biznes inkubatori” ishga tushiriladi.
Eslatib o‘tamiz, yuqoridagi yangiliklar Prezident nutqida aytilgan bo‘lib, amalda bosqichma-bosqich joriy etiladi.
