Prezident yoshlar bilan muloqotda O‘quv markazlari uyushmasi tashkil etilishini ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, uyushmaga a’zo bo‘lgan xususiy o‘quv markazlariga binosini ijaraga bergan tadbirkorlar ijaradan olinadigan daromad va foyda solig‘ini to‘lashdan ozod etiladi.
Bunday markazlarning o‘qituvchilarini AQSh, Buyuk Britaniya, Singapur, Yaponiya kabi ilg‘or ta’lim markazlariga stajirovkaga yuborish yo‘lga qo‘yiladi.
Muloqotda o‘quv markazlari uchun boshqa yengilliklar berilishi ham e’lon qilindi. Xususan, olis hududlardagi o‘quv markazlari ijtimoiy soliqni 1 foiz miqdorida to‘lashi aytildi.
Ulardagi o‘qituvchilar uchun daromad solig‘i esa 7,5 foiz qilib belgilanadi. Yoshlar ishlari agentligiga xususiy o‘quv markazlari bilan hamkorlikda yiliga 20 ming yoshni kelajak kasblariga o‘qitish dasturini ishga tushirish topshirildi.
Shuningdek, har bir tumanga 500 mln so‘mgacha ssuda ajratib, texnikum va o‘quv markazlarida kasb-hunar laboratoriyasini tashkil qilish topshirildi.
Muloqotda aytilishicha, O‘zbekistonda xususiy o‘quv markazlari soni 38 mingdan oshgan.
.jpg)