Wolt nima sababdan O‘zbekiston bozorini tark etmoqda?

25.02.2026 07:57
Wolt O‘zbekiston bozorini tark etmoqda. Kompaniya bayonotida aytilishicha, O‘zbekistondagi bozor sharoitlarining o‘ziga xosligi tufayli kompaniya o‘z standartlariga mos xizmat ko‘rsatish darajasini barqaror saqlab qololmaydi, degan xulosaga kelingan.
Wolt nima sababdan O‘zbekiston bozorini tark etmoqda?

Foto: Wolt

Wolt yetkazib berish xizmati O‘zbekiston bozorini tark etmoqda. 

Kompaniya bayonotiga ko‘ra, 2026-yil 5-martdan boshlab Wolt ilovasi va sayti orqali buyurtma berish imkoni bo‘lmaydi. 

Shu sanagacha esa buyurtmalarni qabul qilish davom ettirilishi ma’lum qilindi. 

Bu vaqt ichida buyurtma berish va mavjud bonuslardan foydalanish mumkin. 

Kompaniya 5-martdan keyin ham akkaunt bilan bog‘liq masalalar, to‘lovlarni qaytarish va avvalgi buyurtmalar bo‘yicha mijozlarga yordam ko‘rsatishda davom etishini bildirdi.

Wolt nima sababdan O‘zbekiston bozorini tark etmoqda?

Kompaniya bayonotida aytilishicha, O‘zbekiston bozorini tark etish to‘g‘risidagi qarorni qabul qilish oson bo‘lmagan.

Kompaniya o‘sib borar ekan, biz uzoq muddatli biznesni barpo etishimiz mumkin bo‘lgan joyga sarmoya kiritishni qayta ko‘rib chiqdik. O‘zbekistondagi bozor sharoitlarining o‘ziga xos xususiyatlari tufayli biz o‘z standartlarimizga muvofiq xizmat ko‘rsatish darajasini barqaror saqlab qola olmaymiz, degan xulosaga keldik — deyiladi kompaniya bayonotida.

Shuningdek, kompaniya O‘zbekistonda yarata olgan xizmatidan faxrlanishini hamda uning bir qismi bo‘lgan barchaga, ayniqsa, o‘z mijozlariga minnatdorchilik bildirdi. 

Wolt rahbarining aytishicha, kompaniya O‘zbekistondan tashqari Qatar, Singapur va Yaponiya bozorlarini ham tark etmoqda.

Ma’lumot uchun, Wolt yetkazib berish xizmati 2014-yilda Finlandiyada tashkil etilgan. 2025-yil boshida kompaniya 32 dan ortiq mamlakatda faoliyat yuritayotgan edi. 

Shvetsiya, Gruziya va Ozarbayjon kengayishning ilk hududlaridan bo‘lgan. 2019-yilda Wolt Markaziy Osiyo bozorlariga kirishni Qozog‘istondan boshlagan.

2024-yilning oktyabr oyiga kelib esa kompaniya O‘zbekistonga kirib kelgan.

#wolt

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilganlar