2025-yilda mikromoliya tashkilotlari va lombardlar tomonidan jami 31,8 trln so‘m miqdorida kredit ajratildi.
Bu haqda Markaziy bank ma’lumot berdi. Ularning kreditlash miqdori 2024-yilga nisbatan 2 barobarga oshgan.
Ajratilgan kreditlarning 91 foizi yoki 28,9 trln so‘mi mikromoliya tashkilotlari, 2,9 trln so‘mi esa lombardlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Manba: Markaziy bank
Mikromoliya tashkilotlari va lombardlar tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlarning 30,8 trln so‘mi yoki 97 foizi jismoniy shaxslarga, qolgan qismi esa yuridik shaxslarga to‘g‘ri kelgan.
Mikromoliya tashkilotlarida kreditlash hajmining oshishida onlayn kreditlash muhim rol o‘ynagan.
Jumladan, yil mobaynida ajratilgan kreditlar hajmining 15,2 trln so‘mi Tezcoin mikromoliya tashkilotiga to‘g‘ri keladi.
Shuningdek, Shaffof-Moliya 4,8 trln so‘m, Paylater 146 mlrd so‘m hamda Yangi Finance 243 mlrd so‘m kredit ajratgan.
Bu mikromoliya tashkilotlarining jami ajratgan kreditlarining 71 foizi onlayn kreditlashga to‘g‘ri kelganini ko‘rsatadi.
Ma’lumot uchun, Shaffof-Moliya hamda Tezcoin mikromoliya tashkilotlarining egasi “Makesense” MChJ hisoblanadi.
Shuningdek, ushbu kompaniya Uzum Nasiya xizmatining ham egasidir.
Aholiga ajratilgan kreditlarning eng ko‘p qismi 10 mln so‘mgacha bo‘lgan kreditlarga to‘g‘ri keladi.

Manba: Markaziy bank
Yuridik shaxslarga ajratilgan kreditlarning eng ko‘p qismi esa 200 mln so‘mdan 300 mln so‘mgacha bo‘lgan kreditlarga to‘g‘ri keladi.

Manba: Markaziy bank
Mikromoliya tashkilotlarida aholiga ajratilgan kreditlarning foiz stavkalari 30 foizdan 109,5 foizgacha bo‘lgan. Yuridik shaxslarda esa bu ko‘rsatkich 30 foizdan 88 foizgacha bo‘lgan.
.jpg)