UzNIF 30 foiz aksiyalarini bozorga chiqaradi

27.02.2026 06:18
Prezident qaroriga ko‘ra, 2026-yil yakuniga qadar O‘zbekiston Respublikasi Milliy investitsiya jamg‘armasining (UzNIF) ustav kapitalidagi 30 foizgacha aksiyalar paketi xalqaro va mahalliy fond bozorlarida sotuvga chiqarilishi belgilandi.
UzNIF 30 foiz aksiyalarini bozorga chiqaradi

Foto: Shutterstock

Davlat ishtirokidagi kompaniyalar hamda tijorat banklari faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan Prezident qarori qabul qilindi

Qarorga ko‘ra, 2026-yil yakuniga qadar O‘zbekiston Respublikasi Milliy Investitsiya jamg‘armasining (UzNIF) ustav kapitalidagi 30 foizgacha aksiyalar paketi xalqaro va mahalliy fond bozorlarida sotuvga chiqarilishi belgilandi. 

Sodda qilib aytganda, jamg‘armaning IPO o‘tkazishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, qaror bilan jamg‘arma ulushiga ega kompaniyalarga bir qator majburiyatlar yuklatildi. 

Jumladan, kompaniyalar o‘z foydasini o‘zida ushlab qola olmaydi, balki uni belgilangan tartibda dividend sifatida taqsimlashi majburiy bo‘ladi. 

Qolaversa, kompaniya moliyaviy natijalari va rejalariga oid barcha muhim ma’lumotlar jamg‘arma bilan kelishilgan holda Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga taqdim etiladi.

UzNIF haqida

UzNIF 2024-yil 27-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga muvofiq tashkil etilgan. 

Jamg‘arma davlatga qarashli bir qator yirik kompaniyalarning 25 foizdan 40 foizgacha bo‘lgan ulushiga egalik qiladi. 

Jamg‘armaning asosiy maqsadi O‘zbekiston aholisi uchun uzoq muddatli barqaror iqtisodiy o‘sish va rivojlanishni ta’minlash ekanligi aytilgan. 

Dastlab jamg‘arma portfelida 18 ta kompaniya bo‘lgan, biroq 2025-yilning sentyabr oyida ularning to‘rttasi ro‘yxatdan chiqarilib, bitta yangi tashkilot qo‘shildi. 

Ro‘yxatdan chiqarilgan kompaniyalar Uzbekistan Airports, Mikrokreditbank, Biznesni rivojlantirish banki hamda O‘zbekiston pochtasi edi. Ro‘yxatga qo‘shilgan tashkilot esa O‘zsanoatqurilishbank edi. 

27-fevral holatiga ko‘ra, jamg‘arma portfelida 13 ta kompaniya mavjud bo‘lib, quyida ularning nomi va jamg‘armaning kompaniyadagi ulushi keltirilgan.

  • Hududiy elektr tarmoqlari — 40%
  • O‘zsuvta’minot — 40%
  • Hududgazta’minot — 40%
  • O‘zbekiston MET — 40%
  • O‘zbektelecom — 25%
  • Issiqlik elektr stansiyalari — 25%
  • O‘zbekgidroenergo — 40%
  • O‘zsanoatqurilishbank — 30%
  • O‘zbekiston tovar-xomashyo birjasi — 40%
  • O‘zbekinvest — 30%
  • Uzbekistan Airways — 25%
  • Temiryo‘linfratuzilma — 40%
  • Toshshahartransxizmat — 25%

Ma’lumot uchun, jamg‘armaning qiymati qariyb 2 mlrd dollarni tashkil etishi ko‘rsatilgan. 

Eslatib o‘tamiz, 2025-yilning may oyida jamg‘arma boshqaruvi AQShning Franklin Templeton kompaniyasiga berilgan edi.

#uznif#IPO

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilganlar