Solfy va O‘zmilliybank o‘zaro sudlashmoqda

27.02.2026 10:18
O‘zmilliybank hamda Solfy fintex platformasi sudlashmoqda. Amsterdam & Partners xabariga ko‘ra, ikki tomon o‘rtasidagi biznes aloqalari uzilganidan so‘ng, Poletayev va uning sheriklari O‘zmilliybank vakillari tomonidan jiddiy tahdidlarga duch kelgan.
Solfy va O‘zmilliybank o‘zaro sudlashmoqda

Foto: tanga.uz

Solfy fintex platformasi O‘zmilliybank’ni shartnoma shartlarini buzishda va tahdid qilishda ayblamoqda.

24-fevral kuni Amsterdam & Partners yuridik firmasi tomonlar o‘rtasidagi nizoda Solfy va uning asosiy investori Maksim Poletayev nomidan qatnashishini e’lon qildi.

Amsterdam & Partners xabariga ko‘ra, ikki tomon o‘rtasidagi biznes aloqalari uzilganidan so‘ng, Maksim Poletayev va uning sheriklari O‘zmilliybank vakillari tomonidan jiddiy tahdidlarga duch kelgan. 

Tomonlar o‘rtasidagi nizoning boshqa tafsilotlari keltirilmagan. Ma’lumot uchun, Amsterdam & Partners xalqaro yuridik kompaniya bo‘lib, manzili London va Vashingtonda joylashgan. 

Kompaniya ushbu nizoga xalqaro advokat sifatida Robert Amsterdam jalb qilinganini ma’lum qilgan. Mazkur shaxs Amsterdam & Partners asoschisi bo‘lib, uning O‘zbekistonda o‘nlab yillik tajribaga ega ekani aytilgan.

Maksim Poletayev va NBU

2023-yil mart oyida Maksim Poletayev O‘zmilliybank Kuzatuv kengashining mustaqil a’zosi etib tayinlangandi. 2024-yil martiga kelib esa uning bankdagi mazkur lavozimni tark etgani ma’lum bo‘ldi

Foto: Boris Scitar

Poletayev Frank Media nashriga o‘z loyihalariga e’tibor qaratish istagi tufayli kengashdan ketganini bildirgan. 

Ma’lumot uchun, Poletayev faoliyati davomida Sberbank hamda Rossiyaning bir qator kompaniyalarida yuqori lavozimlarda ishlagan. 

Jumladan, Megafon va Metalloinvest kompaniyalari direktorlar kengashlarida faoliyat yuritgan.

Hamkorlik tarixi

2021-yil noyabr oyida O‘zmilliybank hamda Solfy fintex platformasi hamkorlikda foizsiz muddatli to‘lov kartalarini joriy etishi ma’lum qilingandi. 

Rejaga ko‘ra, xizmat 2022-yilning 4-aprelida ishga tushishi kerak edi. Biroq amalda Solfy kartalari o‘sha yilning dekabr oyidan chiqarila boshladi. 

Spot nashri Solfy direktori va ta’sischilaridan biri Andrey Basuyev bilan platformaning O‘zbekistondagi biznesi haqida suhbatlashgan. 

Suhbatda Basuyev nima sababdan loyihani aynan O‘zmilliybank bilan boshlayotganiga quyidagicha to‘xtalib o‘tgan

Biz O‘zbekiston Milliy bankini tanlaganimizning sababi bor. Birinchidan, u mamlakatdagi eng yirik banklardan biri bo‘lib, juda ko‘p filiallari va mijozlariga ega, bu bizning fikrimizcha, kartalarni tezlashtirilgan tarqatishni osonlashtirishi kerak. Ikkinchidan, bank ajoyib obro‘ga ega va uning xodimlari yuqori professional tajribaga ega. Bularning barchasi birgalikda biz uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega edi.

Ma’lumot uchun, ayni paytda platforma nomini Sabzi qilib o‘zgartirib, faoliyat yuritmoqda.

#solfy#NBU#maksim_poletayev#amsterdam_partners

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilganlar