24-fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Surxondaryo viloyatini rivojlantirishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda hududdagi foydalanilmayotgan yerlar hamda issiqxonalar tashkil etish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.
Ma’lum qilinishicha, 2026-yilda viloyatda Ispaniya tajribasi asosida 1 ming gektarda quyosh energiyasida isitiladigan issiqxonalar quriladi.
Bunday issiqxona quradigan tadbirkorlarga yer uchastkalari 5 yilga bepul ijaraga beriladi.
Shuningdek, ular 3 yil muddatga yerosti suvidan foydalanganlik uchun to‘lovdan ozod qilinadi.
Hududda ishga solinmagan yana bir katta imkoniyat uning yaylovlari ekanligi ta’kidlandi. Xususan, Boysun tumanida 197 ming gektar yaylov mavjud ekanligi aytildi.
Agar Darband daryosidagi nasoslar tiklanib, suv chiqarilsa, 10 ming gektar yaylovni foydalanishga kiritish, shundan 1,5 ming gektarida kartoshka, qolgan qismida esa ozuqabop ekinlar yetishtirish imkoniyati paydo bo‘ladi — deyildi.
Endilikda zaxiradagi yaylov yerlarini o‘zlashtirish uchun ularning boshlang‘ich narxi normativ qiymatning 1 foizi miqdorida belgilangan holda auksionga chiqariladi.
Yerni auksiondan olgan tadbirkorlarga 4 yillik imtiyozli davr bilan 10 yil muddatga 14 foizli kredit ajratilishi belgilandi. Har o‘n gektar yerga suv olib kelish uchun 120 mln so‘mgacha subsidiya berilishi ham qayd etildi.
