Hafta davomida jahon fond bozorida nimalar ro‘y berdi?

28.02.2026 16:06
23–27-fevral kunlari jahon fond bozorida qator muhim voqealar ro‘y berdi. Xususan, qimmatbaho metallar narxining keskin o‘sishi, Nvidia hisoboti, AQSh va Eron mojarolari ta’sirida neft fyucherslari va yana bir qator hodisalar e’tibor markazida bo‘ldi.
Hafta davomida jahon fond bozorida nimalar ro‘y berdi?

Foto: Reuters

Ayrim qimmatbaho metallar narxi oshdi

23–27-fevral kunlari bir qator qimmatbaho metallar narxida o‘sish kuzatildi. Xususan, oltin narxi 1,8 foizga ko‘tarildi. 

Shuningdek, kumush narxi 7,8 foizga, platina 10,4 foizga, mis esa 1,4 foizga qimmatladi. 

Eslatib o‘tamiz, AQSh Oliy sudi prezident Trampning tariflar bo‘yicha qarorini noqonuniy deb topganidan so‘ng, Tramp 15 foizlik bojlar joriy etgan edi. 

Tahlilchilarning fikricha, qimmatbaho metallar narxining oshishiga geosiyosiy noaniqliklar sabab bo‘lmoqda. Bu esa investorlarning xavfsiz aktivlarga bo‘lgan talabini oshirmoqda.

Neft narxi oshdi

27-fevral kuni yakuniga ko‘ra, neft fyucherslari narxi 3,19 foizga oshib, 67,29 dollarga yetdi. 

Neft narxidagi bunday keskin o‘sishga AQSh hamda Eron o‘rtasidagi munosabatlar jiddiylashgani sabab bo‘lgani aytilmoqda. 

Eslatib o‘tamiz, 28-fevral kuni Isroil va AQSh Eronga qarshi oldindan ogohlantiruvchi hujum boshlagani ma’lum bo‘ldi

Bu holat neft ta’minotida uzilishlarga olib kelishi va asosiy ta’minotchi bo‘lgan Hormuz bo‘g‘ozi xavf ostida qolishini anglatadi. 

Tahlilchilarning ta’kidlashicha, agar ushbu mamlakatlar o‘rtasidagi keskinlik davom etsa, neftning bir barreli 80 dollargacha ko‘tarilishi mumkin.

Nvidia rekord daromad qayd etdi

Nvidia kompaniyasi to‘rtinchi chorakda 68,13 mlrd dollar daromad ko‘rdi. Bu rekord ko‘rsatkichdir. 

Kompaniyaning daromadi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 73 foizga oshgan. 

Kompaniya daromadi e’lon qilinganidan bir kun o‘tib, aksiya narxlari 1,41 foizga oshgandi. Biroq keyingi kuni kompaniya aksiya narxlari 5,46 foizga tushib ketdi. 

Tahlilchilar buni sun’iy intellektga qilinadigan xarajatlarning barqarorligi borasidagi ehtiyotkorlik bilan izohlamoqda.

Yevropaning STOXX 600 indeksi rekord o‘rnatdi

27-fevral kuni Yevropaning STOXX 600 indeksi 633,47 punktga yetib, rekord darajaga chiqdi. Bundan avvalgi rekord 630,56 punktni tashkil etgan edi. 

Tahlilchilarning fikricha, bunga Buyuk Britaniyaning yirik banki — HSBC iqtisodiyotga ko‘proq kredit ajratishni rejalashtirayotganini ma’lum qilgani sabab bo‘ldi.  

Investorlar buni ijobiy signal sifatida qabul qilgani ma’lum bo‘ldi va moliya kompaniyalari aksiyalari qimmatlashgani kuzatildi.

#fond_bozori_dayjest

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilganlar