2-mart kuni jahon moliya bozorlari keskin o‘zgarishlarni boshdan kechirdi.
Bunga Yaqin Sharqdagi harbiy taranglik, xususan AQSh va Isroilning Eronga qarshi hujumlari sabab bo‘ldi. Investorlar xavf kuchaygan sharoitda xavfsiz aktivlarga o‘ta boshladi.
Bu esa neft, oltin va dollarning qimmatlashishiga, aksiyalar esa arzonlashishiga olib keldi.
Neft narxi keskin oshdi
2-mart kuni bir barrel (159 litr) neft fyucherslari narxi 7,34 foizga oshib, qariyb 72 dollarga yetdi.
Narxlarning ko‘tarilishiga Eron atrofidagi vaziyatlar jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Sababi dunyo neftining qariyb 20 foizi va suyultirilgan tabiiy gazning (LNG) 20 foizga yaqin qismi Hormuz bo‘g‘ozi orqali tashiladi.
Agar ushbu dengiz yo‘li yopilsa, global energiya ta’minoti izdan chiqishi mumkin. Reuters agentligining xabar berishicha, hozircha Eron Hormuz bo‘g‘ozini rasman yopgani yo‘q.
Biroq dengiz kuzatuv ma’lumotlari shuni ko‘rsatmoqdaki, ayrim tankerlar xavfsizlik yoki sug‘urta muammolari sababli bo‘g‘ozning ikki tomonida to‘planib qolgan.
Dollar mustahkamlandi, boshqa valyutalar pasaydi
Geosiyosiy xavf kuchayganda investorlar odatda AQSh dollariga ishonchi ortadi.
2-mart kuni dollar indeksi 98,24 punktga yetib, 0,69 foizga ko‘tarildi. Bu yanvar oyidan beri eng yuqori ko‘rsatkichdir.
Quyidagi yirik valyuta fyucherslarida esa pasayish kuzatildi:
- Yevro — 0,76 foiz
- Yaponiya iyenasi — 0,58 foiz
- Funt sterling — 0,53 foiz
Bu investorlar tavakkalli aktivlardan chiqib, barqarorroq valyutaga o‘tayotganini anglatadi.
Jahon indekslari pasaydi
Yaqin Sharqdagi mojaro fond bozorlariga ham ta’sir ko‘rsatdi. Investorlar yo‘qotishlarning oldini olish maqsadida aksiyalarni sotishni boshladi.
AQSh va boshqa mintaqalardagi asosiy indekslar quyidagicha pasaydi:
- Dow Jones — 48 547 punkt (-0,92%)
- S&P 500 — 6 825 punkt (-0,92%)
- NASDAQ 100 — 24 700 punkt (-1,22%)
- Russell 2000 — (-1,22%)
- Nikkei 225 (Yaponiya) — (-2,14%)
- Hang Seng (Gonkong) — (-2,1%)
- Euro Stoxx 50 (Yevropa) — (-1,93%)
Bu ko‘rsatkichlar global miqyosda tavakkalchilikdan qochish kayfiyati kuchayganini ko‘rsatmoqda.
Oltin va kumush qimmatlashdi
2-mart kuni oltinning 1 troy unsiyasi narxi 2,82 foizga oshib, 5 396 dollarga yetdi. Kumush esa 1,48 foizga ko‘tarilib, 94,88 dollarni tashkil etdi.
ING tahlilchilariga ko‘ra, energiya ta’minotidagi uzilish xavfi inflyatsiya kutilmalarini kuchaytiradi va real daromadlilikni pasaytiradi. Bu esa oltin narxining oshishiga sabab bo‘ladi.
Berkshire Hathaway foydasi kamaydi
Bozor yangiliklari fonida yirik kompaniyalar hisobotlari ham e’lon qilindi.
Uorren Baffet asos solgan Berkshire Hathaway kompaniyasining 4-chorakdagi operatsion foydasi 10,2 mlrd dollarni tashkil etdi.
Bu o‘tgan yilgi 14,53 mlrd dollarga nisbatan qariyb 30 foiz kamdir.
Pasayishning asosiy sababi sug‘urta anderraytingi (sug‘urta risklarini baholash va shartnoma tuzish faoliyati) daromadining kamayishi bo‘ldi.
Sug‘urta sarmoyalaridan olingan daromad ham 25 foizga kamayib, 3,07 mlrd dollarni tashkil etdi.
Uorren Baffetning vorisi Greg Abel ilk bor aksiyadorlarga murojaat qildi.
Unda voris Baffetdan keyin kompaniyani boshqarish oson bo‘lmasligini ta’kidladi.
BAAda fond bozorlari vaqtincha yopildi
Bloomberg xabariga ko‘ra, United Arab Emirates 2 va 3-mart kunlari o‘zining ikki yirik birjasini — Abu Dhabi Securities Exchange va Dubai Financial Marketni vaqtincha yopadi.
Bu qaror Eron tomonidan Dubay va Abu-Dabiga uyushtirilgan raketa va dron hujumlaridan so‘ng ehtimoliy moliyaviy beqarorlikning oldini olish maqsadida qabul qilingan. Rasmiylar vaziyatni kuzatishda davom etishini ma’lum qilgan.
Ma’lumot uchun, BAA fond bozorlarining kapitallashuvi 1,1 trln dollarni tashkil etadi.
