Markaziy bank P2P o‘tkazmalarda o‘tkazma maqsadini ko‘rsatish funksiyasi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berdi.
Nazorat organining ma’lum qilishicha, ushbu tashabbus Prezidentning tegishli farmoni ijrosini ta’minlash doirasida ilgari surilmoqda.
2026-yilning 17-fevral kuni tijorat banklari va to‘lov tashkilotlariga mobil ilovalar orqali amalga oshiriladigan P2P o‘tkazmalarida operatsiya maqsadini ko‘rsatish funksiyasini joriy etish bo‘yicha topshiriq yuborilgan.
Markaziy bankning qayd etishicha, ushbu funksiyani joriy etishda mobil ilovalarning texnik imkoniyatlari va foydalanuvchi interfeysining qulayligi inobatga olinadi.
Shu munosabat bilan banklar va to‘lov tashkilotlaridan o‘z taklif hamda mulohazalarini Markaziy bankning To‘lov tizimlari departamentiga taqdim etish so‘raldi.
Mijozlar uchun raqamli xizmatlar qulayligini oshirish maqsadida, tijorat banklari va to‘lov tashkilotlari mobil ilovalarda P2P o‘tkazmalarida operatsiya maqsadini ko‘rsatish funksiyasini o‘z ichki siyosatlari va texnik imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda ixtiyoriy tartibda, ya’ni yangi parametrlar bilan kengaytirib yoki taklif etilganlarini kamaytirib joriy etishlari mumkin — deyiladi bayonotda.
Markaziy bankka ko‘ra, takomillashtirilgan mexanizm ishlab chiqilgach, bu borada qo‘shimcha tartib alohida e’lon qilinadi.
Ta’kidlanishicha, ushbu o‘zgarishlarning asosiy maqsadi onlayn platformalar o‘rtasida sog‘lom raqobatni rivojlantirishdan iborat.
Shuningdek, naqdsiz hisob-kitoblar ko‘lamini kengaytirish ham ko‘zda tutilgan.
.jpg)