4-mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyatida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusi vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Yig‘ilishda Guliston tumanida 300 mln dollarlik chorvachilik majmuasi va bolalar ozuqasi ishlab chiqarish loyihasi bo‘yicha kelishuvga erishilgani ma’lum qilindi.
Shuningdek, Yangiyer shahrida Fransiyaning Bonduelle kompaniyasi bilan hamkorlikda oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi ishga tushirilishi aytildi.
2026-yilga borib viloyatga 3 mlrd dollar investitsiya jalb qilish va eksport hajmini 500 mln dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Bonduelle haqida
Bonduelle kompaniyasi sabzavotlarni qayta ishlash, konservalash va muzlatish, shuningdek, tayyor salatlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
Kompaniya tarixiga nazar solsak, 1853-yilda Fransiyada asos solingan. Kompaniya o‘z faoliyatini dastlab spirtli ichimliklar ishlab chiqarishdan boshlagan.
1914-yil birinchi jahon urushi davrida kompaniya Rossiyaga konservalangan sabzavotlar yetkazib bergan. Shundan so‘ng, 1926-yilda kompaniya oziq-ovqat mahsulotlarini konservalashni yo‘lga qo‘yadi. Birinchi konservalangan mahsulot yashil no‘xat bo‘lgan.
1957-yilga kelib, kompaniya konservalar orqali katta muvaffaqiyatga erishadi. Hozirgi kunda kompaniyaning bir qator mamlakatlarda zavodlari mavjud.
Bonduelle 2021-yilda O‘zbekistondan dukkakli mahsulotlar xarid qilishni boshlagan. Endilikda uning O‘zbekistonda ham o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishi kutilmoqda.
