Kafolat sug‘urta kompaniyasi tarkibiga yangi aksiyador kirishi mumkin

10.03.2026 08:03
Kafolat sug‘urta kompaniyasining ustav kapitalini 240 mlrd so‘mga oshirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Jarayon yakunlangach, kompaniyaning ustav kapitali 455,5 mlrd so‘mga yetadi. Kompaniyaga yangi aksiyador kirishi mumkin.
Kafolat sug‘urta kompaniyasi tarkibiga yangi aksiyador kirishi mumkin

Foto: Yandex Maps

5-fevral kuni “Kafolat sug‘urta kompaniyasi” AJ Kuzatuv kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda kompaniyaning ustav kapitalini 240 mlrd so‘mga oshirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. 

Buning uchun nominal qiymati 1 so‘m bo‘lgan 24,5 mlrd dona oddiy aksiya chiqarilishi belgilandi. Bu aksiyalar aksiyadorlarga imtiyozli sotib olish huquqini berish orqali yopiq obuna usulida joylashtiriladi. 

Aksiyadorlar o‘zlarining imtiyozli sotib olish huquqidan foydalanmagan yoki qisman foydalangan taqdirda, qolgan barcha aksiyalar yopiq obuna orqali Inagamjanova Dilobar Baxtiyarovnaga joylashtiriladi. 

Mazkur qaror kompaniyaga yangi aksiyador kirib kelishi mumkinligini anglatadi. Ochiq manbalarda ushbu shaxs to‘g‘risida ma’lumot keltirilmagan.

Jarayon yakunlangach, kompaniyaning ustav kapitali 455,5 mlrd so‘mga yetadi. Ma’lumot uchun, Kafolat sug‘urta kompaniyasi 2015-yilning noyabr oyida ro‘yxatga olingan. 

Uning yagona aksiyadori “Plum Technologies” AJ hisoblanadi. Plum Technologies kompaniyasi 2017-yilda tashkil etilgan bo‘lib, fintex, jumladan, elektron tijorat va onlayn to‘lovlar sohasida faoliyat yuritadi. 

Kompaniyaning ustav kapitali 223 mlrd so‘mni tashkil etadi. Kompaniya aksiyalarining 98,8 foizi Akilov Akbar Anvarovichga tegishli, qolgan qismiga esa Aziz Bakiyev egalik qiladi. 

Bundan tashqari, Akbar Akilovning yana 20 ga yaqin kompaniyada ulushi bor. U, shuningdek, Uzcard to‘lov tizimining Kuzatuv kengashi raisi hisoblanadi. 

Eslatib o‘tamiz, 2022-yilda Uzcard to‘lov tizimi xususiylashtirilgan edi. 2026-yil 10-mart holatiga ko‘ra, to‘lov tizimi aksiyalarining 75 foiziga “Imc-Capital” MChJ XK, 25 foiziga esa Akbarov Kamron Anvarovich egalik qiladi.

#kafolat_sug'urta#uzcard#ustav_kapital

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilganlar