2025-yilning fevral oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan muloqot qilgandi.
Ushbu tadbirda AloqaBank yoshlarning biznes loyihalarini qo‘llab-quvvatlovchi yoshlar bankiga aylantirilishi aytilgandi.
Shu yo‘nalishda bank tomonidan yoshlar tadbirkorligi uchun keng imkoniyatlar yaratila boshlandi.
Jumladan, bank “Biznesga birinchi qadam — Yoshlar uchun” imtiyozli kreditini e’lon qildi.
Mazkur kredit yillik 18 foiz stavkada, 2 yillik imtiyozli davr bilan, 7 yilgacha muddatga beriladi.
Uni 18 yoshga to‘lgan va 30 yoshdan oshmagan O‘zbekiston fuqarolari olishlari mumkin.

Skrinshot: AloqaBank
Kredit o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tganlarga tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadida beriladi.
Bunda ularga faoliyat yo‘nalishidan kelib chiqib, zaruriy tovarlar va boshqa narsalarni sotib olish uchun mablag‘ ajratiladi.
Kredit miqdori 100 mln so‘m etib belgilangan. Ushbu kreditni rasmiylashtirish uchun AloqaBank ofislaridan biriga tashrif buyurish lozim.
Talab etiladigan hujjatlar ro‘yxati ushbu havolada keltirilgan. Kreditga oid savollar bo‘lsa, bankning aloqa markazi raqami 71-230-77-77 qoldirildi.
Asakabank
Asakabank taklif etayotgan kreditning yillik stavkasi ham 18 foizni tashkil etadi. Uning miqdori 100 mln so‘mgacha, muddati esa 5 yilgacha bo'ladi.
Kreditning imtiyozli davri 3 oydan 12 oygacha etib belgilangan. Ushbu kredit ham 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolariga beriladi.
Uni olmoqchi bo‘lganlar ushbu havola orqali ariza qoldirishi mumkin. Qo‘shimcha savollar uchun bankning aloqa markazi raqami 71-200-55-22 qoldirildi.
Eslatib o‘tamiz, yuqoridagi kredit miqdori 100 mln so‘mdan 300 mln so‘mgacha oshirilishi kutilmoqda.
