Neft narxi keskin pasaydi
9-mart kuni Prezident Donald Tramp CBS News jurnalistiga telefon orqali intervyu berdi.
Unda Prezident Erondagi urush deyarli yakunlanayotganini hamda AQSh operatsiyasi uzoq davom etmasligini aytdi.
Bu esa neft bozorida narxlarning qulashiga olib keldi. 9-mart kuni tongda neft ma’lum muddat barreliga 119 dollar atrofida shakllangan edi.
Kun davomida esa 105 dollar atrofida bo‘lib turgandi. Biroq intervyu ommaga e’lon qilingach, aniqrog‘i, kechga borib, neft narxlari sezilarli darajada tushib ketdi.
Jumladan, WTI markali neft narxi 10-mart kuni 83 dollargacha pasayib, 88 dollar atrofida qayta tiklandi.
Eslatib o‘tamiz, Eron atrofidagi mojarolar fonida neft narxi 50 foizga oshgan edi.
Biroq hozirgi ko‘rsatkich ham urush boshlanishidan oldingi darajadan 13 dollarga yuqori bo‘lib turibdi.
Bugun oltin narxi ko‘tarildi
Bugun oltinning 1 troy unsiyasi narxi 1,63 foizga oshib, 5187 dollarga yetdi.
Narxlarning oshishiga bir qator omillar ta’sir ko‘rsatdi. Jumladan, AQShda ish o‘rinlari bo‘yicha statistika kutilganidan yomonroq chiqdi.
Bu esa mamlakat Markaziy bankining foiz stavkalarini pasaytirishi mumkinligi haqidagi kutilmalarni kuchaytirdi.
Foiz stavkalarining tushish ehtimoli oltin uchun ijobiy signal hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, oltin xavfsiz aktiv bo‘lgani uchun uning narxi odatda geosiyosiy noaniqliklar fonida oshadi.
Shuningdek, bugun kumush narxi 4,79 foizga, platina narxi esa 1,25 foizga oshgan.
Osiyo bozorlari qayta tiklanmoqda
AQSh va Isroilning Eron bilan ziddiyati kuchayib, energiya ta’minotiga jiddiy putur yetkazib kelayotgandi.
Biroq yuqorida aytib o‘tilgan Trampning intervyusi Osiyo bozorlarining katta yo‘qotishlardan so‘ng qayta tiklanishiga sabab bo‘ldi. Osiyoning yirik indeks narxlari quyidagicha oshdi:
- KOSPI indeksi — 5,35%
- Nikkei 225 — 4%
- TOPIX — 3%
- Shanghai Composite — 0,4%
- CSI 300 — 1%
- Hang Seng Index — 1,7%
Shuningdek, Yevropa bozorlarida ham bugun sezilarli tiklanish kuzatildi. O‘zgarishlar quyidagicha:
- Yevro Stoxx 50 — 1,90%
- DAX — 1,85%
- VIX — 2,68%
TSMC fevral oyidagi daromadini e’lon qildi
Bugun Taiwan Semiconductor Manufacturing Company aksiyalari 2,89 foizga ko‘tarildi.
Bunga kompaniyaning 2026-yil fevral oyidagi daromadi 10 mlrd dollarni tashkil etgani sabab bo‘ldi.
Bu ko‘rsatkich 2025-yil fevraliga nisbatan 22,2 foizga ko‘p, ammo 2026-yil yanvariga nisbatan 20,8 foizga kamdir.
2026-yilning yanvar–fevral oylarida kompaniya daromadi 23 mlrd dollarga yetib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 29,9 foiz o‘sishni qayd etdi.
Bitkoin narxi oshdi
Bugun bitkoin narxi 1,99 foizga oshib, 70 580 dollarga yetdi.
Bitkoin fyucherslari investorlar uchun himoya vositasi bo‘lib xizmat qilmoqda.
