Forbes nashri dunyo bo‘yicha 2026-yil uchun milliarderlar ro‘yxatini e’lon qildi. Nashr ushbu ro‘yxatni qirq yildan buyon e’lon qilib keladi.
2026-yilgi ro‘yxatga 3 428 nafar milliarder kiritilgan bo‘lib, ularning umumiy boyligi 20,1 trln dollarga baholangan.

Infografika: Pinkod.uz
Joriy ro‘yxatning birinchi o‘rnini Tesla va SpaceX asoschilaridan biri Ilon Mask egalladi. Forbes Maskning boyligini 839 mlrd dollarga baholagan.
Bu esa uni Forbes tarixidagi, aniqrog‘i, ro‘yxat e’lon qilina boshlaganidan buyon eng boy insonga aylantirdi.
Taqqoslash uchun, 2024-yilgi ro‘yxatda uning boyligi 195 mlrd dollar, 2025-yilda esa 342 mlrd dollar deb baholangan edi.
Mask boyligining o‘sish sur’ati shu zaylda davom etsa, u tez orada dunyodagi birinchi dollarda trillionerga aylanishi mumkin.
Forbes ro‘yxatining ikkinchi o‘rnini 257 mlrd dollar boylik bilan Larri Peyj, uchinchi o‘rinni esa 237 mlrd dollar bilan Sergey Brin band etgan.
Ularning ikkisining ham daromad manbai Google kompaniyasi hisoblanadi. Ularning boyligi ham so‘nggi bir yilda ikki barobardan ko‘proqqa oshgan.
Keyingi o‘rinlarda mos ravishda Amazon aksiyadori Jeff Bezos hamda Meta aksiyadori Mark Sukerberg joylashgan.
Ularning boyligida so‘nggi ikki yildan buyon sezilarli o‘zgarish kuzatilmagan.
Asosiy daromad manbai NVIDIA kompaniyasi bo‘lgan xitoylik milliarder Jensen Xuan ro‘yxatning sakkizinchi o‘rnidan joy olgan.
Uning boyligi yillar davomida o‘sib bormoqda. Milliarderning boyligi 2021-yilgi ro‘yxatda 11,8 mlrd dollar edi.
2025-yilgi ro‘yxatda uning boyligi 98,7 mlrd dollarga, 2026-yilgi ro‘yxatda esa 154 mlrd dollarga baholangan.
Ro‘yxatning birinchi o‘ntaligidan joy olgan milliarderlarning yetti nafari texnologiyalar, ikki nafari moda va chakana savdo, yana bir nafari esa moliya sohasidan daromad oladi.
Ma’lumot uchun, Uorren Baffetning asosiy daromad yo‘nalishlari moliya va investitsiyalar hisoblanadi.
