11-mart kuni jahon fond bozorida nimalar ro‘y berdi?

11.03.2026 13:26
11-mart kuni Eronning Ho‘rmuz bo‘g‘ozini minalashtirgani haqida xabarlar tarqaldi. Shundan so‘ng AQSh prezidenti Donald Tramp Eronga qarshi hujumlarni kuchaytirish bilan tahdid qildi. Bu esa neft narxining bir kunda 3 foiz oshishiga olib keldi.
11-mart kuni jahon fond bozorida nimalar ro‘y berdi?

Foto: The National Interest

Neft narxi urush avj olgani sayin oshmoqda

11-mart kuni WTI markali neft narxi 2,10 foizga oshib, 85,20 dollarga yetdi. 

Brent markasi esa 2,57 foizga o‘sib, 90 dollardan sotilmoqda.

Mazkur o‘sishga Eronning Ho‘rmuz bo‘g‘ozi bilan bog‘liq muammolari sabab bo‘layotgani aytilmoqda. 

Bugun ushbu bo‘g‘ozga minalar joylashtirilgani haqida xabarlar tarqaldi

Bu xabarlardan so‘ng AQSh prezidenti Donald Tramp Eronga qarshi hujumlarni kuchaytirishi bilan tahdid qildi. 

10-mart kuni Tramp Eron atrofida sodir bo‘layotgan urush yaqin kunlarda tugashi haqida aytgan, bu esa neft narxining qulashiga olib kelgandi. 

Wall Street Journal nashrining yozishicha, Xalqaro energetika agentligi Eron atrofidagi vaziyat tufayli neft narxining so‘nggi pasayishini to‘xtatish uchun strategik neft zaxiralarini eng katta miqdorda chiqarishni taklif qilmoqda. Bu ham neft narxi o‘sishiga turtki bo‘lishi mumkin.

AQSh fevral oyi uchun iste’mol narxlari indeksini e’lon qildi

  • Oylik o‘sish — 0,2% (kutilma: +0,3%)
  • Yillik o‘sish — 2,4% (kutilma: +2,4%)
  • Bazaviy INI — 2,5% (kutilma: +2,5%)

Goldman Sachs ma’lumotlariga ko‘ra, narxlar bosimi sekinlashmoqda, bu esa Markaziy bankning ehtiyotkorroq siyosat yuritishidan dalolat beradi.

Oracle daromad hisoboti e’lon qilindi

Oracle kompaniyasi uchinchi chorakda 17,19 mlrd dollar daromad olib, har bir aksiya uchun 1,79 dollar foyda qayd etdi

Bu tahlilchilar kutgan 16,92 mlrd dollarlik daromaddan yuqori natijadir. Kompaniyaning Cloud xizmatlari 44 foizga o‘sib, 8,91 mlrd dollar daromad keltirdi. 

Oracle 2027-moliyaviy yil uchun daromad prognozini oshirdi, bu esa uning aksiyalari narxi birja yopilgandan keyingi savdolarda 13 foizgacha ko‘tarilishiga olib keldi. 

Oracle sun’iy intellektga asoslangan yechimlar hisobiga daromadini oshirayotgan bo‘lsa, Amazon sun’iy intellekt bilan bog‘liq obligatsiyalar savdosi hajmini oshirishga hissa qo‘shmoqda

ICP AI tokenlari narxi keskin ko‘tarildi

11-mart, soat 17:00 holatiga ko‘ra, ICP AI tokenlari 13 foizga ko‘tarilib, 2 711 dollarga yetdi. 

Bunga Janubiy Koreyaning eng yirik kripto-birjasi Upbit 11-mart kuni ICP listingini e’lon qilgani sabab bo‘ldi

Depozitlar ochilgach, treyderlar Janubiy Koreya voni, bitkoin va tether bilan juftlikda savdo qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi. 

Bu listing 24 soatlik savdo hajmini 65 mln dollardan 270 mln dollargacha oshirdi.

Oltin narxi INI hisoboti oldidan pasaydi

11-mart, soat 17:00 holatiga ko‘ra, oltin narxi 1 foizga pasayib, bir troy unsiyasi uchun 1 958 dollarni tashkil etdi. 

Bozor AQSh fevral oyi uchun iste’mol narxlari indeksi hisoboti oldidan o‘zgaruvchan aktivlarga talabni kuchaytirdi.

Bitkoin narxi ham pasaydi

17:00 holatiga ko‘ra, bitkoin 1,19 foizga arzonlashib, 69 360 dollarni tashkil qildi. 

Bunday pasayishga iste’mol narxlari indeksi hisoboti oldidan bozordagi yuqori o‘zgaruvchanlik sabab bo‘layotgani aytilmoqda.

#fond_bozori_dayjest

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilganlar