Enter Engineering va unga aloqador 34 ta kompaniyaning 12,7 mingdan ortiq xodimiga 450 mlrd so‘mlik ish haqi undirib berildi.
Bu haqda Spot nashri Davlat mehnat inspeksiyasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Nilufar Amanniyozovaga tayanib xabar bermoqda.
Enter Engineering kompaniyasida ish haqi bo‘yicha qarzdorlik yuzasidan tekshiruvlar, garchi ommaviy axborot vositalarida yoritilmasa-da, muntazam o‘tkazib kelinadi — dedi Amanniyozova.
2025-yilda ham fuqarolar murojaatlari asosida o‘rganishlar olib borilib, undiruv va ma’muriy javobgarlik choralari ko‘rilgan.
Joriy yilning yanvar oyida o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida 450 mlrd so‘mga yaqin mablag‘ undirib berilgani aytildi.
Bu Enter Engineering kompaniyasining 11 ta obyekti hamda unga aloqador 34 ta korxonada faoliyat yuritayotgan jami 12 754 nafar ishchining 4−6 oylik maoshini tashkil etadi.
O‘tgan yili esa kompaniya xodimlaridan 150 mlrd so‘mga yaqin ish haqi qarzdorligini undirish choralari ko‘rilgani ma’lum qilindi.
Nilufar Amanniyozova undiruv asosan har bir tashkilotning moliyaviy holatiga bog‘liq ekanini qayd etdi.
Shuningdek, u kompaniyadan oylik ish haqini undirish choralari oxiriga yetkazilishini, qolgan tashkilotlar bo‘yicha ham tekshiruvlar davom ettirilishini qo‘shimcha qildi.
Ma'lumotlarga ko'ra, ushbu kompaniyalar guruhi 38,7 ming nafar xodim oldida 131 mln dollar miqdorida ish haqi bo‘yicha qarzdorlikka ega.
Ma’lumot uchun, ushbu kompaniyalar tadbirkor Baxtiyor Fozilovga aloqador hisoblanadi.
