Jahon banki O‘zbekistonga 10,6 mln dollar miqdorida grant ajratishni ma’qulladi.
Bu mablag‘lar O‘zbekistonning gaz uzatish infratuzilmasini yaxshilashga yo‘naltiriladi.
Ma’lum qilinishicha, mamlakatdagi gaz uzatish tarmoqlari eskirgan va sizib chiqishga moyil.
Agar ta’mirlash ishlari amalga oshirilmasa, 2030-yilgacha yo‘qotiladigan gaz hajmi 1,75 mlrd kub metrga yetishi mumkin.
Bu esa 228 mln dollarlik daromad yo‘qotilishiga tengdir. Grant mablag‘lari orqali bu yo‘qotishlarni kamaytirish va gazni tejash ko‘zda tutilgan.
Mablag‘lar nimaga sarflanadi?
Grant mablag‘lari, birinchi navbatda, gaz uzatish tarmoqlaridagi sizib chiqishlarni aniqlash va bartaraf etishga yo‘naltiriladi.
2029-yilgacha taxminan 47,5 ming tonna gaz sizib chiqishining oldini olish rejalashtirilgan. Bu orqali 18 mln dollar mablag‘ tejab qolinishi aytilmoqda.
Shuningdek, loyiha doirasida zamonaviy uskunalar xarid qilish va xodimlarni o‘qitish ham nazarda tutilgan.
Loyiha boshqaruvi va texnik ishlarni “O‘ztransgaz” AJ amalga oshiradi.
