Ayollarni tadbirkorlikka jalb etish uchun tijorat banklari tomonidan arzon kreditlar ajratiladi — Prezident

09.03.2025 11:42
Prezident 8-mart kuniga bag‘ishlangan tadbirda 2025-yilda 2 mln nafar ayollar bandligini ta’minlash, shundan 1,3 mln nafar xotin-qizni tadbirkorlikka jalb etish ko‘zda tutilganini ma’lum qildi. Bu maqsadga erishish uchun tijorat banklari turli tadbirkorlik sohalari uchun qo'shimcha 3,3 trln so'm imtiyozli kredit ajratadi.
Ayollarni tadbirkorlikka jalb etish uchun tijorat banklari tomonidan arzon kreditlar ajratiladi — Prezident

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlat banklari ayollar bandligini ta’minlashda ko‘maklashadi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida ma’lum qildi.

Unga ko'ra, 2025-yilda 2 mln nafar ayollar bandligini ta’minlash, shundan 1,3 mln nafar xotin-qizni tadbirkorlikka jalb etish belgilangan.

Buning uchun davlat banklari tomonidan turli tadbirkorlik sohalari uchun arzon kreditlar ajratiladi.

Quyida arzon kredit ajratuvchi banklar va tadbirkorlik sohalari keltirilgan:

  • MKBank – parrandachilik (160 ming ayol)
  • SQB – sabzavot va ko‘chat yetishtirish (160 ming ayol)
  • Xalq Banki – uzum, brokkoli va karam yetishtirish (150 ming ayol)
  • Agrobank – bog‘dorchilik (144 ming ayol)
  • BRB – ko‘kat, bulg‘or qalampiri, baqlajon va pomidor yetishtirish (94 ming ayol)
  • Asakabank – farmatsevtika va uzumchilik (82 ming ayol)
  • AloqaBank – IT, asalarichilik va mevali ekinlar yetishtirish (58 ming ayol)
  • O'zmilliybank – xizmatlar sohasi (200 ming ayol)
  • TuronBank – limonchilik (150 ming ayol)

Shu maqsadda bu yil mahallalarda ayollar tadbirkorligi loyihalari uchun qo‘shimcha 3,3 trln so‘m ajratiladi.

Xususan, oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida yana 100 mln dollar beriladi.

Bunga qo‘shimcha ravishda tijorat banklari ham 100 mln dollar jalb qilib, mahallalarda o‘zini o‘zi band qilgan xotin-qizlarga 50 mln so‘mgacha garovsiz kreditlar ajratadi.

Shuningdek, mahallada 5 nafar ayolni biznesga olib kirgan 1 ming nafar “ustoz” tadbirkorlarga 50 mln so‘mgacha grant ajratiladi.

#banklar#tadbirkor ayollar

Eng ko'p o'qilgan