Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari orqali 18,9 mlrd dollar mablag‘ kelib tushgan.
Bu 2024-yilga nisbatan 4,1 mlrd dollarga yoki 28 foizga ko‘pdir.

Manba: Markaziy bank
Ushbu mablag‘ning katta qismi Rossiya, Qozog‘iston, Janubiy Koreya va Turkiya kabi davlatlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
2025-yilda Yevropa hamda AQSh singari rivojlangan davlatlardan ham pul o‘tkazmalari hajmi sezilarli darajada oshgan.
Jumladan, Buyuk Britaniyadan pul yuborish 39 foizga, Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan 37 foizga, AQShdan esa 15 foizga ko‘paygan.
_(2).jpg)
Manba: Markaziy bank
Hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekistonda an’anaviy va bank o‘tkazmalari kesimida bir qabul qiluvchiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha yillik o‘tkazma 2-4 ming dollarni tashkil etadi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonga xorijdan bank orqali pul o‘tkazish keskin kamaygan.
2025-yilda bank orqali 397 mln dollar o‘tkazilgan bo‘lib, bu 2024-yilga nisbatan 49 foizga kamdir.

Manba: Markaziy bank
P2P aniqrog‘i kartadan kartaga o‘tkazmalar ulushi esa keskin oshgan.
Xususan, 2024-yilda P2P orqali 5,9 mlrd dollar o‘tkazilgan bo‘lsa, 2025-yilda bu ko‘rsatkich 8,6 mlrd dollarga yetgan.
Bu holat an’anaviy bank o‘tkazmalarining qimmatligi, P2P o‘tkazmalarining esa nisbatan arzon va qulayligi bilan izohlanadi.
2025-yilda O‘zbekistondan chet elga yuborilgan pul o‘tkazmalari hajmi 2,7 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu 2024-yilga nisbatan 138 mln dollarga yoki 5 foizga kamdir.
