17-mart kuni jahon fond bozorida nimalar ro‘y berdi?

17.03.2026 14:05
17-mart kuni Osiyoning asosiy fond indekslarida o‘sish kuzatildi. Nvidia chiplari asosida ishlovchi mahsulotning taqdim etilishi kompaniya aksiyalari narxini oshirdi. Neft narxi odatdagidek oshishda davom etmoqda.
17-mart kuni jahon fond bozorida nimalar ro‘y berdi?

Foto: Getty Images

Nvidia aksiyalari narxi ko‘tarildi

16-mart kuni WeRide kompaniyasi yangi avtonom robotaksi Robotaxi GXR modelini taqdim etdi. 

Ushbu mashina Nvidia DRIVE Hyperion platformasi va DRIVE AGX Thor chipi asosida ishlaydi

Bu esa Nvidia aksiyalari narxining oshishiga ijobiy ta’sir qildi. Natijada, 17-mart kuni kompaniya aksiyalari 1,65 foizga oshib, 183 dollarga yetdi.

Micron Technology Nvidia bilan hamkorlikni kengaytirmoqda

17-mart kuni Micron Technology aksiyalari narxi 3,68 foizga o‘sib, 440 dollardan oshdi. 

Kompaniya NVIDIA Vera Rubin AI platformasi uchun yuqori hajmli HBM4 ishlab chiqarishini e’lon qilgan edi. 

Bu esa kelajakdagi kutilmalar tufayli kompaniya aksiyalari narxining o‘sishiga olib keldi.

Micron Technology — kompyuter va elektron qurilmalarda ma’lumotlarni saqlash va ularning tezkor ishlashi uchun zarur bo‘lgan xotira texnologiyalarini ishlab chiqaruvchi kompaniya.

Nebius Group yangi hamkorliklar bilan jozibador aktivga aylanmoqda

17-mart kuni Nebius Group aksiyalari narxi 14,96 foizga ko‘tarilib, 129 dollarga yetdi.

Nebius Group — sun’iy intellekt loyihalari uchun zarur bo‘lgan kuchli bulutli va hisoblash quvvatlarini ta’minlovchi texnologiya ishlab chiqaruvchi kompaniya hisoblanadi.

Kompaniya Meta ekotizimi bilan 27 mlrd dollargacha bo‘lgan shartnoma doirasida 12 mlrd dollarlik sun’iy intellekt quvvatini yetkazib berish bo‘yicha besh yillik shartnoma imzolagan edi. 

Shuningdek, kompaniya robototexnika va sun’iy intellekt uchun to‘liq bulutli platformani ishga tushirish bo‘yicha NVIDIA bilan yangi hamkorlikni e’lon qildi. 

Bunday kelishuvlar kompaniyaning kelajakdagi istiqbollarini jozibador qilib, investorlarni jalb etdi va aksiya narxlarining o‘sishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.

Avstraliya Markaziy banki asosiy stavkani oshirdi

Avstraliya Markaziy banki asosiy stavkani 0,25 foiz bandga oshirib, 4,1 foiz etib belgiladi. 

Stavkaning oshirilishiga Yaqin Sharqdagi mojaro tufayli yoqilg‘i narxlarining oshishi asosiy sabab qilib ko‘rsatilgan, bu esa o‘z navbatida inflyatsiya xavfini kuchaytiradi. 

Endilikda bozor ishtirokchilari AQSh va Yaponiya markaziy banklarining stavkalar bo‘yicha qaroriga e’tibor qaratmoqda.

AQSh bozorlari qayta tiklandi

17-mart kuni Dow Jones indeksi 0,83 foizga, Russell 2000 0,94 foizga va S&P 500 1,01 foizga ko‘tarildi

NASDAQ bu borada eng yaxshi tiklanishni ko‘rsatib, 1,22 foizga yuksaldi. 

16-mart kuni bozor yopilishi arafasida neft narxi 93 dollargacha tushgan edi. 

Bunga neft narxlarining pasayishi va bozor bosimining kamaygani sabab bo‘lgani aytilmoqda.

Osiyo bozorida texnologiya aksiyalari ko‘tarildi

Uoll Stritda texnologiya aksiyalarining ko‘tarilishi natijasida Osiyo bozorlarida ham aksiyalar oshdi, bunda texnologiya sektori yetakchilik qildi

Konferensiyada yangi sun’iy intellekt tizimlarining namoyish etilishi texnologiya aksiyalarini, jumladan, KOSPI va Samsung Electronics aksiyalarini ko‘tarishga yordam berdi. 

Bunda ularning aksiyalari mos ravishda 3 va 5 foizga oshgan. Shuningdek, Yaponiya hamda Xitoyning yirik mashhur aksiya indekslari quyidagicha o‘sish ko‘rsatdi:

  • Nikkei 225 — 0,5%
  • TOPIX — 1,1%
  • Shanghai Composite — 0,4%
  • CSI 300 — 0,7%
  • Hang Seng — 1,1%

Oltin, bitkoin va neft narxlarining kunlik o‘zgarishi

17-mart kuni WTI markali neft narxi 2,01 foizga o‘sib, 95 dollarga yetdi. Brent nefti esa 2,05 foizga ko‘tarilib, bir barreli 102 dollardan sotilmoqda. 

Eronning BAA gaz konlari va Iroq neft zavodlariga uyushtirgan dron va raketa hujumlari neft narxining oshishiga olib keldi

Oltin narxi bugun ham tushishda davom etdi. Pasayish 0,48 foizni tashkil etib, bir troya unsiyasi uchun narx 5026 dollarga yetdi. 

Bitkoin ham 0,42 foizga arzonlashib, 73 810 dollardan sotilmoqda. Muhim iqtisodiy ko‘rsatkichlar stavkalarning o‘zgarishsiz qolishi ehtimolini oshirgach, bitkoin yana jozibador aktivga aylandi.

#fond_bozori_dayjest

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilganlar