18-mart kuni Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirishga qaror qildi.
Regulyatorga ko‘ra, bu qaror inflyatsion bosimlar saqlanib qolayotgan bir sharoitda qabul qilingan.
Xususan, oziq-ovqat mahsulotlari narxining o‘sishi umumiy inflyatsiya sur’atlarining pasayishini sekinlashtirgan.
Fevral oyida bazaviy inflyatsiya 6,3 foizni, umumiy inflyatsiya esa 7,3 foizni tashkil etdi.
Ta’kidlanishicha, iqtisodiyotda talab yuqori darajada saqlanib qolmoqda.
Bu, o‘z navbatida, savdo hajmi, ko‘chmas mulk bozoridagi faollik va budjet xarajatlarining o‘sishida namoyon bo‘layotgani ta'kidlandi.
Shu bilan birga, ishlab chiqaruvchilar narxlarining ko‘tarilishi kelajakda iste’mol narxlariga ham ta’sir qilishi mumkin.
Shuningdek, tashqi omillar ham xatarlar tug‘dirayotgani, geosiyosiy vaziyat, logistika xarajatlari va jahon bozorlaridagi narxlarning oshishi import orqali ichki inflyatsiyani kuchaytirishi mumkinligi aytildi.
Markaziy bank qat’iy pul-kredit siyosatini davom ettirishini ma’lum qildi.
Asosiy maqsad o‘rta muddatli istiqbolda inflyatsiyani 5 foizlik target darajasiga tushirish va narxlar barqarorligini ta’minlashdan iborat — deyiladi Markaziy bank xabarida.
Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 2024-yil 25-aprel kuniga belgilangan.
.jpg)