AQSh bozorlari keskin yo‘qotishlarga uchradi
19-mart kuni Dow Jones aksiyalari narxi 1,63 foizga, NASDAQ 1,46 foizga, S&P 500 esa 1,36 foizga pasaydi.
Chunki ishlab chiqaruvchilar narxlari indeksi (PPI) 3,4 foizni tashkil etdi. Bu kutilgan 2,9 foizdan ancha yuqori ko‘rsatkichdir.
Umuman olganda, yuqori foiz stavkalari, qimmatlashayotgan neft va kuchayib borayotgan geosiyosiy risklarning birgalikdagi ta’siri investorlarni xavotirga solib, bozorda keng ko‘lamli sotuvlarni keltirib chiqardi.
Neft narxlari yana o‘smoqda
19-mart kuni Brent nefti fyucherslari 6 foizga o‘sib, 113 dollarga yetdi. WTI markali neft esa 1,23 foizga oshib, 96,63 dollardan sotila boshladi.
Isroilning Eronning Janubiy Pars gaz konlariga havo hujumlari uyushtirgani va Eronning bunga javoban Fors ko‘rfazidagi energetika obyektlariga zarba berishi neft narxining keskin oshishiga sabab bo‘ldi.
Osiyo bozorlarida pasayish
Nikkei 225 indeksi 2,6 foizga, TOPIX 2 foizga, KOSPI va Hang Seng mos ravishda 1,3 va 1,5 foizga pasaydi. Xitoy indekslari esa qariyb 1 foizga tushdi.
Ushbu pasayishga Yaponiya Markaziy bankining foiz stavkalarini 0,75 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirgani va inflyatsiya borasidagi noaniqlik kuchayganini ma’lum qilgani asosiy sabab bo‘ldi.
Kripto-aktivlarda yirik yo‘qotish
Kriptovalyuta bozori 100 mlrd dollar yo‘qotdi. Bitkoin narxi 5 foizga pasayib, 74 000 dollardan 70 000 dollarga tushdi. Bu umumiy bozor kayfiyatining yomonlashgani bilan bog‘liq.
Investorlar yuqori foiz stavkalari, geosiyosiy risklar va inflyatsiyadagi noaniqlik tufayli tavakkalchiligi yuqori bo‘lgan aktivlardan voz kechmoqda. Bu esa sotuvlarni kuchaytirib, aktivlar qiymatining tushishiga olib keldi.
Oltin va kumush narxlari pasaydi
19-mart kuni oltinning bir troy unsiyasi 3,42 foizga arzonlab, 4728 dollarga tushdi. Kumush esa deyarli 8 foizlik katta yo‘qotish bilan 88 dollardan 71 dollargacha pasaydi.
Bu ko‘rsatkich oltin uchun fevral oyi boshidan beri qayd etilgan eng past natijadir. Eslatib o‘tamiz, yil boshida oltin narxi qariyb 5200 dollarga yetgan edi.
