Markaziy bank valyuta birjasiga tayanib, 25-mart uchun dollar kursini 12 196 so‘m etib belgiladi.
Rasmiy kurs ketma-ket beshinchi kun ko‘tarilib, shu muddat ichida 115 so‘mga qimmatladi.

Yil boshiga nisbatan esa 244 so‘mga oshgan. Shunga qaramay, rasmiy kurs o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 751 so‘mga arzonlagan.
So‘nggi kunlarda O‘zbekistonda dollar kursidan tashqari rubl va yevro ham ko‘tarilmoqda.
25-mart uchun rubl 151,74 so‘m, yevro esa 14 141,26 so‘m etib belgilandi. Ularning bir kunlik o‘sishi mos ravishda 8,74 so‘m va 144,78 so‘mni tashkil etdi.
Dollar so‘nggi kunlarda nafaqat so‘mga, balki boshqa bir qancha valyutalarga nisbatan ham mustahkamlanmoqda.
Reuters nashriga ko‘ra, dollarning hozirgi mustahkamlanishi asosan geosiyosiy keskinlik bilan bog‘liq vaqtinchalik omillar ta’sirida yuz bermoqda.
Yaqin Sharqdagi mojaro fonida investorlar xavfsiz aktiv sifatida dollarga murojaat qilmoqda.
Qayd etilishicha, agar mintaqadagi keskinlik pasaysa yoki mojaro hal etilsa, bozorlarda xavf darajasi kamayadi va investorlar yana yuqori daromadli aktivlarga qaytadi.
Natijada dollarga bo‘lgan talab pasayishi mumkin. Ma’lumot uchun, 2025-yilning 3-dekabr kuni dollar kursi 11881 so‘m edi.
