Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi fevral oyida 43 ta masalani ko‘rib chiqdi.
Ular kredit tashkilotlari faoliyatini nazorat qilish hamda ro‘yxatga olish va ruxsat berish masalalari bilan bog‘liqdir. Oy davomida 11 ta bankka nisbatan jarima sanksiyalari qo‘llanildi.
Ma’lum qilinishicha, bunga banklar o‘z faoliyatini qonunchilik talablariga muvofiq tashkil etmagani hamda inspeksiya va o‘rganishlar davomida kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani sabab bo‘lgan.
Shuningdek, o‘rganishlar davomida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan 14 ta bank va 4 ta to‘lov tashkiloti chora va sanksiyalar qo‘llanishi haqida ogohlantirildi.
Bundan tashqari, 8 ta bankdan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan yo‘qotishlarning moliyaviy barqarorlikka salbiy ta’sirini kamaytirish maqsadida umumiy moliyaviy xavflarga qarshi zaxiralar shakllantirish talab qilindi.
Shu sababli, bank aksiyadorlariga oddiy aksiyalar bo‘yicha dividendlar to‘lash orqali foydani taqsimlashga ruxsat berilmagani ma’lum qilindi.
