2025-yilda uy-joy xaridi uchun 21,2 trln so‘m ipoteka krediti ajratildi — 29% o'sish

27.03.2026 07:38
O'zbekchaРусский
2025-yilda uy-joy xaridi uchun 21,2 trln so‘m ipoteka krediti ajratildi. Bu 2024-yilga nisbatan 4,77 trln so‘mga yoki 29 foizga ko‘p. Uy-joy xaridida ipoteka kreditlarining bozordagi ulushi ham ko‘paygan.
2025-yilda uy-joy xaridi uchun 21,2 trln so‘m ipoteka krediti ajratildi — 29% o'sish

Foto: domtut.uz

2025-yilda uy-joy xaridi uchun 21,2 trln so‘m miqdorida ipoteka krediti ajratildi. 

Bu haqda Markaziy bankning ko‘chmas mulk bozori bo‘yicha tahlilida ma’lumot berilgan

Ajratilgan ipoteka kreditlari hajmi 2024-yilga nisbatan 4,77 trln so‘mga yoki 29 foizga oshgan. 

Shuningdek, uy-joy xaridida ipoteka kreditlarining bozordagi ulushi ham ko‘paygan. 

2025-yilda uy-joy bilan bog‘liq 319,5 mingta oldi-sotdi shartnomasi amalga oshirilgan bo‘lib, ularning 22 foizi ipoteka kreditlari hissasiga to‘g‘ri keladi. 

Manba: Markaziy bank

Taqqoslash uchun, 2024-yilda bu ko‘rsatkich 21,3 foizni tashkil etgan edi. 

Markaziy bank taqdim etgan infografikaga ko‘ra, yilning to‘rtinchi choragida ipoteka kreditlari ajratilishi tezlashgan. 

Yil boshida bu ko‘rsatkich nisbatan past bo‘lib, yil oxiriga qadar o‘sib borgan. 

2025-yilda uy-joy oldi-sotdi shartnomalari soni 15,8 foizga oshgan. 

Yuqori o‘sish sur’atlari Buxoro (25,6%), Sirdaryo (23,1%), Samarqand (19,2%), Jizzax (17%) hamda Xorazm (16,4%) viloyatlarida faollikning sezilarli darajada oshishi hisobiga yuz bergan.

Rasmiylashtirilgan shartnomalar soni yuqori bo‘lgan Toshkent shahri, Toshkent va Farg‘onada esa o‘rtacha o‘sish 15,5 foizni tashkil etdi. 

Joriy davrda ko‘chmas mulk bozoridagi yuqori faollikka ajratilgan ipoteka kreditlari ham sezilarli hissa qo‘shgan.

Eslatib o‘tamiz, 2026-yil 1-martdan boshlab uy-joy xaridi uchun imtiyozli ipoteka krediti miqdori ko‘paytirildi

Bu summa Toshkent shahrida 60 mln so‘mga oshib, 480 mln so‘mga yetadi. 

Boshqa hududlarda esa 50 mln so‘mga ko‘payib, 380 mln so‘mni tashkil etadi. 

Rejaga ko‘ra, 2026-yilda jami 23 trln so‘m ipoteka krediti ajratiladi. 

Shundan 12,2 trln so‘mi davlat budjetidan, 7,8 trln so‘mi esa banklarning o‘z mablag‘lari hisobidan beriladi. 

Shuningdek, yil davomida 30 ming nafar fuqaroga ipoteka krediti bo‘yicha subsidiya ajratish rejalashtirilgan.

#Ipoteka_kreditlari

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilganlar