Muhtasham yettilik kompaniyalari aksiyalari narxi tushdi
27-mart kuni AQShning yettita gigant kompaniyasi aksiyalari narxi pasaydi.
Xususan, Meta – 1,70 foizga, Nvidia – 0,35 foizga, Google – 1,64 foizga, Microsoft – 1,77 foizga arzonladi.
Eng katta yo‘qotishlar esa Tesla (2,07 foiz) va Amazon (2,08 foiz) hissasiga to‘g‘ri keldi. Yettilik ichida faqat Apple aksiyalari narxi tushmadi, aksincha 0,58 foizga o‘sdi.
Microsoft, Google, Amazon kabi gigantlarning sun’iy intellektga kiritgan ulkan sarmoyalari hali tezda foyda keltirmayotgani investorlarni xavotirga solmoqda.
Erondagi mojaro global iqtisodiyotni izdan chiqarishi mumkinligi haqidagi xavotirlar investorlarning NASDAQ kabi texnologik indekslardan chiqib ketishiga sabab bo‘lmoqda.
Buning natijasida NASDAQ indeksi 29-oktyabrdagi eng yuqori cho‘qqisidan 11 foizga pasaydi. Bu esa, o‘z navbatida, muhtasham yettilik aksiyalari narxiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.
Kriptovalyuta bozori yana qulamoqda
27-mart kuni bitkoin narxi 4,26 foizga arzonlab, 70 ming dollardan pastga tushdi. Shuningdek, Ethereum va XRP ham mos ravishda 4,22 foiz va 2,22 foizga pasaydi.

27-mart kuni Isroil va Eronning bir-biriga hujum qilgani hamda urush hali ham davom etayotgani investorlarni tavakkalchiligi yuqori aktivlardan voz kechishga undamoqda.
Bitkoin bo‘yicha 14 mlrd dollarlik opsionlar muddatining tugashi ham kriptovalyutalar narxining tushishi sabablardan biri bo‘ldi.
Janubiy Koreya bozori qulamoqda
27-mart kuni Janubiy Koreyaning KOSPI indeksi 3 foizgacha pasayib, so‘nggi ikki haftadan ortiq vaqtdagi eng quyi darajaga tushdi.
Bunda asosiy yo‘qotishni chip ishlab chiqaruvchi gigantlar ko‘rdi.
Xususan, Samsung Electronics va SK Hynix kompaniyalari aksiyalari narxi 4 foizdan ko‘proqqa arzonladi va ularning haftalik yo‘qotishlari 10 foizdan oshishi mumkin.
Google tomonidan taqdim etilgan yangi TurboQuant algoritmi sun’iy intellekt uchun zarur bo‘ladigan xotira hajmini kamaytirishi mumkin.
Bu, o‘z navbatida, xotira chiplari ishlab chiqaruvchil kompaniyalarning daromadiga keskin ta’sir qiladi.
Neft va oltin o'sdi
27-mart 19:00 holatiga ko‘ra, WTI va Brent markali neft fyucherslari mos ravishda 3,66 foiz va 2,52 foizga oshib, bir barrel uchun 97 va 110 dollardan sotildi.
Ho‘rmuz bo‘g‘ozining tankerlar harakati uchun amalda yopiqligi hamda Fors ko‘rfazidagi energetika obyektlariga navbatdagi hujumlar ehtimoli neft narxlarining o‘sishiga olib keldi.
Oltin narxi esa so‘nggi kunlardagi pasayishdan so‘ng yana biroz ko‘tarildi.
27-mart kuni aktiv narxi 2,74 foizga oshib, bir troy unsiyasi uchun 2496 dollarga yetdi. Kumush esa 2,93 foizlik o‘sish bilan 29,93 dollarga baholanmoqda.
