Aholi o'rtasida bir bank hisobidan boshqasiga pul o‘tkazish imkonini beruvchi xizmat ishga tushirildi. Bu haqda Markaziy bank ma’lum qildi.
Yangi xizmat Account-to-Account (A2A) deb nomlanadi. U orqali mablag‘lar bevosita bank hisobvaraqlari o‘rtasida o‘tkaziladi.
A2A xizmatining asosiy farqi shundaki, bunda karta raqami ishlatilmaydi. Pul to‘g‘ridan-to‘g‘ri hisobdan hisobga o‘tadi.
Kartadan kartaga (P2P) o‘tkazmalarida esa mablag‘lar karta raqami orqali yuboriladi.
Ma’lumot uchun, har bir fuqaro karta rasmiylashtirganda, karta uning bankdagi hisobvarag‘i asosida ochiladi.
Sodda qilib aytganda, plastik karta mijozning bankdagi hisobvarag‘iga ulangan bo‘ladi.
Hozirda ushbu xizmat turi barcha banklarga texnik jihatdan taqdim etilgan bo‘lib, amaldagi barcha o‘tkazma xizmatlari saqlanib qoladi.
Bu xizmat qo‘shimcha imkoniyat sifatida fuqarolarga pul o‘tkazishda tanlovni kengaytiradi.
Jumladan, xizmat yordamida karta bloklangan yoki uning amal qilish muddati tugagan taqdirda ham mablag‘larni boshqa hisobga yo‘naltirish mumkin.
Shuningdek, mazkur xizmatning ommalashishi natijasida o‘tkazma komissiyalari miqdori kamayishi kutilmoqda.
Sababi, bu amaliyot ikki bank o‘rtasida amalga oshiriladi. Bunda protsessing tizimlarining xizmati chetlab o‘tilgani sababli xarajatlar kamayishi mumkin.
Ma’lumot uchun, kartadan kartaga o‘tkazmalarda HUMO va UZCARD kabi protsessing kompaniyalari ishtirok etadi va buning uchun ma’lum miqdorda haq oladi.
Markaziy bankning ma’lum qilishicha, A2A o‘tkazmalari uchun komissiya miqdorini banklarning o‘zi belgilaydi.
Regulyator shu munosabat bilan fuqarolarga banklar tomonidan taqdim etilgan tariflar va komissiyalar bilan oldindan tanishib chiqishni tavsiya etdi.
