Mahalliy yo‘nalishlarda qatnovchi oddiy va tezyurar poyezdlar kechikkani uchun kompensatsiya to‘lash tartibi belgilanmoqda.
Bu haqda Transport vazirligi Raqobat qo‘mitasining so‘roviga javoban ma’lum qildi.
Vazirlikka ko‘ra, temiryo‘l transportida yo‘lovchilarni tashishga oid amaldagi tartibga o‘zgartirish kiritilmoqda.
Unga binoan, mahalliy yo‘nalishdagi oddiy va tezyurar poyezdlar kechikkan hollarda quyidagi miqdorda kompensatsiya to‘lanishi belgilanmoqda:
- 15 daqiqadan 30 daqiqagacha kechikkanda — yo‘lkira narxining 15 foizi miqdorida
- 31 daqiqadan 60 daqiqagacha kechikkanda — yo‘lkira narxining 25 foizi miqdorida
- 61 daqiqadan 120 daqiqagacha kechikkanda — yo‘lkira narxining 50 foizi miqdorida
- 121 daqiqadan ortiq kechikkanda — yo‘lkira narxining 100 foizi miqdorida
Ma’lumot uchun, hozirda bunday tartib faqat Afrosiyob poyezdlari uchun mavjud.
Endilikda u mahalliy yo‘nalishdagi oddiy va tezyurar poyezdlarga ham tatbiq etilmoqda.
Raqobat qo‘mitasining ma’lum qilishicha, 2025-yilda poyezd kechikishi bilan bog‘liq 51 ta murojaat kelib tushgan.
Qo‘mita o‘rganishi davomida tashuvchining aybi bilan poyezd kechikkan hollarda yo‘lovchilarga kompensatsiya to‘lash tartibi belgilanmagani aniqlangan.
