1-aprel kuni O‘zbekiston umumiy qiymati 12,2 trln so‘m (1 mlrd dollar) bo‘lgan suveren xalqaro obligatsiyalarni joylashtirdi.
Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi axborot xizmati xabar berdi. Mazkur obligatsiyalarning yillik foiz stavkasi 12,25 foizni, muomala muddati esa 3 yilni tashkil etadi.
Ta’kidlanishicha, bu so‘mda chiqarilgan suveren obligatsiyalarning tarixan eng yirigi va eng past foizlisi bo‘ldi.
Suveren obligatsiya — bu davlat chiqaradigan qarz qog‘ozi hisoblanadi. Bunda hukumat investorlardan pul olib, ma’lum muddatdan so‘ng uni foizi bilan qaytarishni va’da qiladi.
Obligatsiyalardan tushadigan mablag‘lar davlat budjeti taqchilligini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.
Vazirlikning ma’lum qilishicha, 1-aprel kuni 32 nafar yirik xalqaro investorga mamlakatning makroiqtisodiy holati hamda belgilangan rejalar bo‘yicha axborot berilgan.
Shu kunning o‘zida so‘mdagi suveren xalqaro obligatsiyalarni joylashtirish bo‘yicha buyurtmalar qabul qilinishi e’lon qilingan.
Kun davomida 50 ga yaqin xorijiy investordan jami 23,4 trln so‘mlik buyurtmalar 12,5 foiz darajasida kelib tushgan. Bu buyurtmalar dastlabki taklifga nisbatan 4 baravar ko‘pdir.
Yuqori talab natijasida 12,2 trln so‘mlik suveren xalqaro obligatsiya chiqarishga qaror qilingan.
Bu Markaziy va Sharqiy Yevropa, Yaqin Sharq va Afrika mintaqasida so‘nggi 15 yildagi milliy valyutadagi eng yirik tranzaksiya sifatida qayd etildi.
Shuningdek, ushbu obligatsiyalarni The Government Bond – Emerging Market Index indeksiga kiritish ko‘rib chiqilmoqda.
Xalqaro obligatsiyalarning mazkur indeksga kiritilishi 300 mlrd dollarlik aktivlarni boshqaradigan yangi investorlarni jalb etishga va kelgusida foiz stavkalarini yanada pasaytirishga imkon beradi.
Mazkur indeksga 14 ta davlat, jumladan, Xitoy, Turkiya, Vengriya, Braziliya, Meksika, Malayziya, Polsha va Janubiy Afrika kabi mamlakatlarning suveren xalqaro obligatsiyalari kiritilgan.
Shu bilan birga, mazkur emissiya O‘zbekistonning boshqa emitentlari uchun jahon moliya bozorlarida milliy valyutadagi xalqaro obligatsiyalarini qulay shartlarda chiqarishga zamin yaratadi.
