Tadbirkorlarga mol va qo‘y go‘shtini import qilish uchun subsidiya ajratiladi

07.04.2026 12:39
O'zbekchaРусский
2026-yil 1-avgustga qadar tadbirkorlarga mol va qo‘y go‘shtini import qilishda ularni havo transportida tashish xarajatlarining yarmi qoplab beriladi. Bu bo‘yicha Prezidentning tegishli qarori qabul qilindi.
Tadbirkorlarga mol va qo‘y go‘shtini import qilish uchun subsidiya ajratiladi

Foto: iStock

Tadbirkorlarga mol va qo‘y go‘shtini import qilish uchun subsidiya ajratiladi. Bu bo‘yicha Prezidentning tegishli qarori qabul qilindi

Ushbu qaror go‘sht mahsulotlari narxlarining barqarorligini ta’minlashga qaratilgan. 

Qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-avgustga qadar tadbirkorlarga mol va qo‘y go‘shtini import qilishda ularni havo transportida tashish xarajatlarining yarmi qoplab beriladi. 

Biroq har bir kilogramm go‘sht uchun qoplanadigan miqdor 0,8 dollardan oshmasligi lozim. 

Shuningdek, 2026-yil 31-dekabrga qadar xorijiy davlatlardan havo transporti orqali import qilingan nasldor qoramol qiymatining 10 foizi qoplab beriladi. 

Lekin bunda har bir bosh qoramol uchun ajratiladigan mablag‘ 4 mln so‘mdan oshmasligi kerak. 

Mazkur subsidiya vaqtinchalik bo‘lib, uni ajratish 2026-yil 1-apreldan boshlanishi belgilangan.

Qarorga muvofiq, subsidiyalar Agrar sohada to‘lovlar agentligi tomonidan moliyalashtirilishi belgilandi.

Iqtisodchi Otabek Bakirovning yozishicha, Fors ko‘rfazida davom etayotgan urush, Rossiyada qoramol boqiladigan hududlarda kasallik tarqalayotgani, shuningdek, shimoliy yo‘lakdan tirik chorva va go‘sht olib kirish va tranziti taqiqlanishi import hajmi va narxlarga ta’sir o‘tkaza boshlagan. 

Mart oyida mol go‘shti o‘rtacha 4,82 dollardan, qo‘y go‘shti esa 3,15 dollardan import qilingan. 

Bunda mol go‘shtining o‘rtacha import narxi yanvar oyidagi narxga nisbatan 4,3 foizga, qo‘y go‘shtiniki esa 44 foizga oshgan.

#subsidiya#mol go'shti

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilganlar