Paynet to‘lov tashkiloti 2025-yil yakunlari bo‘yicha moliyaviy ko‘rsatkichlarini e’lon qildi.
Hisobotga ko‘ra, kompaniya yilni 395 mlrd so‘m (31,5 mln dollar) sof foyda bilan yakunlagan.
Bu 2024-yildagi sof foydadan 113 mlrd so‘mga yoki 40,3 foizga ko‘pdir.

Infografika: tanga.uz
Kompaniyaning daromadi 608 mlrd so‘mga oshib, 1 trln 743 mlrd so‘mni tashkil etdi.
Xarajatlar ham, o‘z navbatida, 481 mlrd so‘mga oshib, 1 trln 291 mlrd so‘mga yetgan.
Umumiy xarajatlarning 980 mlrd so‘mi sotish xarajatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.
Kompaniyaning ma’muriy xarajatlari 35 mlrd so‘mga ko‘payib, 75 mlrd so‘mga yetdi.
Boshqa xarajatlar esa 74 foizga oshib, 236 mlrd so‘mni tashkil qildi.
Hisobotga ko‘ra, Paynet 2025-yilda 70,4 mlrd so‘m (2024-yilda 50,3 mlrd so‘m edi) daromad solig‘i to‘lagan.
Balans
2025-yil yakunlariga ko‘ra, Paynet to‘lov tashkilotining aktivlari 1 trln 745 mlrd so‘mni tashkil etdi.
Kompaniya aktivlari yil davomida ikki barobardan ko‘proqqa oshgan.
Aktivlarning o‘sishi kompaniyaning xususiy kapitali ko‘payishi hisobiga yuz bergan.
Bunda kompaniyaning ustav kapitali 10,5 mlrd so‘mdan 815 mlrd so‘mga yetkazilgan.
Taqsimlanmagan foyda esa 120 mlrd so‘mga oshib, 415 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Kompaniyaning majburiyatlari esa 36 mlrd so‘mga kamayib, 494 mlrd so‘mga tushgan.
