2026-yilning yanvar-mart oylarida mahalliy avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniyalar 91 ming 88 dona avtomobil sotdi.
Sotuvlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 15 ming 735 donaga yoki 21 foizga oshgan.
Bu o‘sishga Chevrolet brendiga tegishli avtomobillar sotuvining 9 ming 969 donaga ko‘paygani katta hissa qo‘shgan.
Biroq brendning bozordagi ulushi o‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda 82,5 foizdan 79,3 foizgacha qisqargan.

Infografika: tanga.uz
Keyingi o‘rinni eng ko‘p avtomobil sotgan BYD brendi egalladi.
Uning avtomobillari 2026-yilning fevral oyida sotuvlar bo‘yicha KIA brendini ortda qoldirgan edi.
BYD avtomobillari sotuvi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3 ming 754 donaga yoki 93 foizga oshgan.
Modellar kesimida hamon Cobalt yetakchilik qilmoqda, biroq uning sotuvlari 17 foizga kamaygan.

Infografika: tanga.uz
Keyingi o‘rinlarda mos ravishda Damas, Tracker, Onix hamda Labo joylashgan.
Chevrolet sotuvlarining katta qismi aynan shu modellar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Ushbu davrda BYD sotuvlarining o‘sishiga Yuan Up modelining sotuvi ortgani katta ta’sir ko‘rsatgan.
Model sotuvi 5,2 barobarga oshib, 2 ming 99 donaga yetgan. KIA sotuvlarining katta qismi esa Sonet modeli hissasiga to‘g‘ri keladi.
